.jpg)
2026-yil 5-fevral kuni Pokistonning Islomobod shahrida Oʻzbekiston–Pokiston biznes-forumi doirasida “Made in Uzbekistan” milliy koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi.
Mazkur tadbir Oʻzbekistonning eksport va sanoat salohiyatini xalqaro maydonda namoyish etish uchun muhim platforma boʻldi.

600 kvadrat metr maydonni egallagan koʻrgazmada iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini qamrab olgan 11 ta tematik stend tashkil etildi. Ularda kimyo, neft-gaz, konchilik hamda mudofaa sanoati yoʻnalishlarida ishlab chiqarilayotgan mahsulot va yechimlar namoyish qilinmoqda. Koʻrgazmada 100 dan ortiq mahalliy korxonalar oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
Koʻrgazma ekspozitsiyasida “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarmoq korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar ham oʻrin oldi. Bu esa milliy kimyo sanoatining eksport salohiyatini kengaytirish va yangi hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishga xizmat qilmoqda.

Tadbir doirasida “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi Odil Temirov Pokistonda mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish va savdosi bilan shugʻullanuvchi “FFC” kompaniyasining biznesni rivojlantirish va yangi loyihalar boʻyicha direktori Havaja Nizamuddin Mir hamda “Fatima Group” kompaniyasining biznesni rivojlantirish direktori Saqib Aziz bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Muzokaralar davomida kimyo sanoatida hamkorlikni kengaytirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va savdo aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, bugun ham oʻz ishini davom ettirayotgan biznes-forum doirasida Pokistonning tegishli vazirliklari va tadbirkorlik subyektlari bilan B2B formatda uchrashuvlar oʻtkazish rejalashtirilgan.