Sanoat sohasida atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir. “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida ushbu yoʻnalishda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqarish jarayonlarida suv va energiya resurslarini tejash, chiqindilarni kamaytirish va ularni qayta ishlash choralari koʻrilmoqda.
Xususan, joriy yilning yanvar-iyun oylarida jami 8,2 mlrd. soʻmlik 58 ta tadbirlar amalga oshirilishi natijasida atmosferaga tashlanmalar 6,5 ming tonnaga kamaytirildi.
399 tonna chiqindi hosil boʻlishining oldi olindi, 15 800 tonna chiqindi utilizatsiya qilindi, 33000 kub metr ichimlik va 277000 kub metr artezian suvi iqtisod qilindi, suv tashlamalari135000 kub metrga hamda toksik tashlamalar1700 tonnaga kamaydi.
Shu bilan birga “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik barqaror rivojlanishni taʼminlash maqsadida muntazam monitoring ishlari amalga oshirib kelinmoqda. Bu jarayon doimiy ravishda havo, suv, tuproq hamda chiqindilarning tarkibi va taʼsirini nazorat qilish orqali amalga oshiriladi. Monitoring orqali zararli moddalarning miqdori, ularning meʼyordan oshish holatlari va chiqindilar oqibatida yuzaga keladigan ekologik xatarlar barvaqt aniqlanadi.
Monitoring jarayonlari korxonalarda faqat normativ talablarni bajarish uchun emas, balki ekologik xavflarni oldindan aniqlash, sogʻlom ish muhitini taʼminlash va aholi salomatligiga boʻlgan ehtiyot chorasi sifatida ham faol amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, ushbu maʼlumotlar tegishli davlat tashkilotlariga taqdim etib boriladi. Bu esa ekologik shaffoflikni taʼminlaydi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish va mamlakatimizni yashil hududga aylantirish maqsadida amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida ham keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunga qadar bahor mavsumida tarmoq korxonalarda 30 gektar yerga jami 491,6 ming dona, shu jumladan korxonalarda 367 ming dona hamda rahbar va ishchi xodimlar xonadonlarida 124,6 ming dona namunaviy ravishda manzarali va mevali daraxt hamda buta koʻchatlari ekildi. 5 gektardan ortiq yerlarda “yashil belbogʻ”lar yaratildi. Katta avtomobil yoʻllarining chetlariga 10 qatordan manzarali daraxtlar ekildi va tomchilab sugʻorish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Ekilgan daraxtlarni parvarishlash va ularni unib-oʻsishi uchun korxonalarda tomchilab sugʻorish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha masʼul shaxslar tayinlandi. Shu bilan birga koʻchatlarni tomchilab sugʻorish tizimi bilan taʼminlashga ham eʼtibor qaratilmoqda.
"O'zkimyosanoat" AJ Matbuot xizmati