"O'zkimyosanoat" AJ

“O‘zkimyosanoat” AJ bilan hamkorlikda KOICA stipendiya dasturining navbatdagi grant g‘oliblari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

// 10 September 2024 yil
https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/o-zkimyosanoat-aj-bilan-hamkorlikda-koica-stipendiya-dasturi

Joriy yilning 6-sentabr kuni Koreya xalqaro hamkorlik agentligining (KOICA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi “O‘zkimyosanoat” AJ bilan hamkorlikda KOICA  stipendiya dasturining navbatdagi grant g‘oliblari bilan uchrashuv o‘tkazildi. 

G'oliblar Koreyaning Daejon shahridagi Fan va texnologiya universitetida (UST) PhD va magistratura dasturlari bo‘yicha tahsil olishni boshlashadi.

Ma’lumot uchun, bugungi kungacha dastur uchun magistraturaga 10 nafar, doktoranturaga 4 nafar nomzod tanlab olindi. Ulardan 9 magistrant va 3 nafar doktorant allaqachon stipendiya dasturlarida Koreyada tahsil olishni boshlashgan. 

Talabalar tanlov asosida saralanadi. Tanlovda esa O‘zbekiston bo‘ylab kimyo muhandisligi mutaxassisligida tahsil olayotgan barcha ishtirok etishi mumkin. 
Mazkur stipendiya dasturi KOICA, “O‘zkimyosanoat” AJ va Koreya ilmiy-tadqiqot tashkiloti (KRICT) bilan hamkorlikdagi “Kimyoviy texnologiyalar markazi (UzccT) salohiyatini oshirish” (7,0 million AQSh dollari/2021-2027 yillar), yirik tashabbusining bir qismi hisoblanadi. KOICA talabalarning oʻz ilmiy ishlariga bor eʼtiborlarini qaratishi va sifatli ta’lim olishlari uchun oʻquv xarajatlarini toʻliq moliyalashtiradi. 

Loyiha O‘zbekiston kimyo sanoatining raqobatbardoshligini oshirish, 2025-yilgacha O‘zbekiston kimyo texnologiyalari markazi (O‘zKMT) uchun operatsion infratuzilmani yaratish va sohada yuqori darajali kadrlar salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan.

Tadbirda KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakili Kim Tae Xun talabalarga omad tilab ulkan zafarlarga erishishga chorladi.

 “Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati