"O'zkimyosanoat" AJ

Oʻzbekistonning Minamata konvensiyasiga qoʻshilish yoʻlidagi amaliy qadamlar

// 14 November 2025 yil
https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/o-zbekistonning-minamata-konvensiyasiga-qo-shilish-yo-lidagi

Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-oktabrdagi PF–5863-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi”ga muvofiq, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan Oʻzbekistonning Simob toʻgʻrisidagi Minamata konvensiyasiga qoʻshilish masalasi oʻrganilmoqda.

Ushbu ishlar doirasida milliy soʻrovnoma ishlab chiqilgan boʻlib, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari kesimida maʼlumotlar toʻplash, shuningdek, mamlakatning birinchi simob boʻyicha milliy inventarizatsiyasi va hisobotini tayyorlash jarayoni olib borilmoqda.

Joriy yilning 11–13-noyabr kunlari Minamata konvensiyasiga qoʻshilish, simob tashlamalari va chiqindilarini kamaytirish hamda milliy inventarizatsiya guruhi mutaxassislarining BMT/UNITAR simob inventarizatsiyasi Toolkit dasturi boʻyicha amaliy koʻnikmalarini mustahkamlash maqsadida simob masalalari boʻyicha texnik seminar-trening oʻtkazildi.

Trening FAO xalqaro maslahatchisi Jakob Maag va mahalliy mutaxassislar ishtirokida tashkil etildi. Unda taqdimotlar, amaliy mashgʻulotlar va muhokamalar oʻtkazildi.

Muhokamalarda “Oʻzkimyosanoat” AJning Ekologiya va “yashil” iqtisodiyot boʻlimi mutaxassislari ham faol ishtirok etib, mazkur soʻrovnomani toʻldirishga koʻmaklashdi va simob ifloslanishi xavfini kamaytirish hamda Minamata konvensiyasiga qoʻshilish yoʻlidagi Oʻzbekistonning saʼy-harakatlariga oʻz hissasini qoʻshdi.