"O'zkimyosanoat" AJ

“Navoiyazot” AJga Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi tomonidan davlat suvereniteti darajasidagi BB- (barqaror) xalqaro kredit reytingi taqdim etildi

// 01 November 2024 yil
https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/navoiyazot-azhga-halqaro-reyting-agentligi-tomonidan-davlat-

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yilning 27-oktabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6096-son Farmoni ijrosini taʼminlash, “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarining investitsion jozibadorligini yangi darajaga olib chiqish, moliyaviy-iqtisodiy faoliyatini barqarorlashtirish, mineral resurslarni chuqur qayta ishlash boʻyicha yangi quvvatlarni barpo etishga qaratilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali tarmoqni yanada rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan yuqori qoʻshilgan qiymatli kimyoviy mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish maqsadida nufuzli xalqaro reyting agentliklari bilan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. 

“Oʻzkimyosanoat” AJ hamda Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida “Navoiyazot” AJga davlat suvereniteti darajasidagi BB- (barqaror) xalqaro kredit reytingi taqdim etildi.
Maʼlumot oʻrnida: Fitch Ratings Inc. — dunyodagi eng yirik xalqaro reyting agentliklaridan biri. Jahon kredit bozorlarini mustaqil va istiqbolli kredit baholashlari, tadqiqotlari va maʼlumotlari bilan taʼminlashga ixtisoslashgan.

“Navoiyazot” AJ uchun xalqaro kredit reytingi taqdim etilishi bir qator afzalliklarni yaratadi, xususan: 

Potensial investorlarda korxonaning moliyaviy koʻrsatkichlariga ijobiy munosabat va ishonch hosil qilib, xalqaro moliyaviy instrumentlardan samarali foydalangan holda tashqi va ichki moliya bozorlaridan resurslarni jalb qilish imkoniyati kengayadi. Bunda toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalari, xalqaro moliyaviy institutlaridan qoʻshimcha taʼminotlarsiz (davlat kafolati, bank va xorijiy hamkorlar kafolati), arzon kredit resurslarini jalb qilish va ularni jalb qilish mexanizmi yengillashadi;

“Oʻzkimyosanoat” AJ hamda tarmoq korxonalarining qimmatli qogʻozlarini (aksiya, yevrobond, depozitar qimmatli qogʻoz, obligatsiyalar) xalqaro birjalarda joylashtirish hamda sotish imkoniyatini beradi. Bu borada hozirgi vaqtda dunyoning nufuzli moliyaviy institutlari boʻlgan J.P.Morgan hamda Citibank kompaniyalari bilan keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati