"O'zkimyosanoat" AJ

“OʻZKIMYOSANOAT” AJ ISHTIROKIDA MATBUOT ANJUMANI OʻTKAZILDI

// 11 April 2022 yil
https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/matbuot-anjumani-2022-2026-yillar

Joriy yilning 11-aprel kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi tegishli bandlarining 2022-yil 1-chorakdagi ijrosi yuzasidan “Oʻzkimyosanoat” AJ ishtirokida Matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda jamiyat boshqaruvi raisi J.Mirzamahmudov, boshqaruv raisining oʻrinbosari E.Korjikov, departament, boshqarma va boʻlim boshliqlari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi. Anjumanda davlat dasturi tegishli bandlarining 2022-yil 1-chorakdagi ijrosi yuzasidan aniq va batafsil maʼlumotlar berildi. Shu bilan birga, amalga oshirilgan ishlar boʻyicha taqdimotlar ham namoyish qilindi. Matbuot anjumanida quyidagi maʼlumotlar taqdim etildi:

Sanoat ishlab chiqarishi. 2022-yil yanvar-mart oylarida “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari tomonidan amaldagi narxlarda  2878,9 mlrd. soʻmlik tovar mahsulotlari ishlab chiqarildi yoki davr prognoziga nisbatan 113,9 foiz, 2021-yilning mos davriga nisbatan ishlab chiqarishdagi oʻsish surʼati 105,2 foizni tashkil qildi.

2022-yil yanvar-mart oylarida sof holda 305,11 ming tonna mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarildi.

Eksport koʻrsatkichlarining bajarilishi. 2022-yilning yanvar-mart oylarida jami 99,3 mln. dollarlik mahsulotlar eksportga yoʻnaltirildi. Asosiy eksport hajmi Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya, Ukraina, Turkiya, Xitoy, Afgʻoniston va Tayland yoʻnalishlari boʻyicha (66,6%) amalga oshirilgan. Shu bilan birga, kaliy mahsuloti eksportining asosiy qismi Yaponiya va Tayland davlatlariga (56,8%), kalsinatsiyalangan soda mahsulotining eksporti esa Tojikiston, Afgʻoniston va Xitoy davlatiga (91,4%) toʻgʻri keldi.

2022-yilning I choragida investitsiya oʻzlashtirish koʻrsatkichlari 44,5 mln dollarni (rejaga nisbatan 100,1 foiz) tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 137% koʻp (2021-yil I choragida 32,4 mln.dollar) investitsiyalar oʻzlashtirilishiga erishildi. Joriy yil yakuniga qadar jami 17 ta loyihalar doirasida 402,7 mln. dollar miqdorida investitsiyalarni, shundan 363,6 mln. dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy mablagʻlarni oʻzlashtirish rejalashtirilgan.

2022-yilning 3-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent viloyatida Chirchiq kimyo-industrial texnoparkini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-116-son qarori qabul qilingan boʻlib, hozirda mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 23-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanovlar ishtirokida “Chirchiq” Kimyo-industrial texnoparkining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tataristonning plastik ishlab chiqaruvchi “VR-Plast”, oʻsimliklarni himoya qilish vositalari ishlab chiqaruvchisi “Bionovatik” va biologik faol qoʻshimchalarni ishlab chiqaruvchi “Натуральное здоровье” kompaniyalari texnoparkning birinchi rezidentlari boʻlishdi.

Texnoparkning umumiy maydoni 31,2 gektar boʻlib, birinchi bosqichda 14 ta korxona faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilyapti. Bu yerda 100 dan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Texnopark toʻliq ishga tushishi natijasida 2 mingdan ziyod yangi ish oʻrni tashkil etiladi va yiliga 15 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinadi. Buning uchun Rossiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Xitoy kabi dunyoning 10 dan ortiq mamlakatidan olib kelinadigan zamonaviy asbob-uskunalar oʻrnatiladi. Barcha sanoat tarmoqlari ekologik talablarga javob beradi. Texnopark hududida maxsus iqtisodiy zonalar uchun oʻrnatilgan alohida soliq, bojxona va valyuta rejimlari amal qiladi.

2035-yilgacha kimyo va gaz-kimyo sanoatini strategik rivojlantirishning maqsadli dasturi ishlab chiqildi va qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

Qaror loyihasida kimyo va gaz-kimyosi sohalarini rivojlantirish va tabiiy gazni qayta ishlash darajasini tarmoq korxonalari negizda gaz-kimyo texnologik klasterlarini tashkil etish orqali 8 foizdan 20 foizga yetkazish natijasida kimyo sanoatida 2 mlrd AQSH dollarlik mahsulot ishlab chiqarish koʻzda tutilgan. Shu maqsadda “Oʻzkimyosanoat” AJ negizida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent, Navoiy va Fargʻona viloyatlarida yuqori qiymatli tovarlar ishlab chiqarishga qaratilgan 4 ta texnologik kimyo klasterlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish natijasida uglevodorod xomashyosi va mineral resurslarni chuqur qayta ishlab, import oʻrnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga erishiladi. Natijada qiymati 450 mln dollarga teng tabiiy gazni chuqur qayta ishlab olinadigan yangi turdagi kimyo mahsulotlar qiymati 3 milliard 900 million dollardan oshadi. Kimyo klasterlarida ishlab chiqariladigan kimyoviy xomashyo va yarim tayyor mahsulotlarni sanoatining boshqa tarmoqlarida qayta ishlash natijasida yangi mahsulotlar qiymati 43,4 trln soʻmdan oshib, qoʻshilgan qiymat 2 barobarga koʻpayadi. Xususan, kimyoviy xomashyolarni avtosanoat tarmogʻida qayta ishlash orqali qiymati 6,7 trln.soʻmga teng 6 turdagi yangi mahsulotlar, qurilish sohasida qiymati 7,6 trln.soʻmlik 11 turdagi mahsulotlar, charm sanoatda 5,4 trln.soʻmdan oshiq 5 turdagi yangi mahsulotlar, sanoatning boshqa tarmoqlarida qiymati 23,7 trln.soʻmga teng 53 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishiga erishiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-fevraldagi PQ-4992-son qaroriga muvofiq “Fargʻonaazot” AJ ustav kapitalidagi davlat va “Oʻzkimyosanoat” AJning yirik aksiya ulushi hamda “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ ustav kapitalidagi “Oʻzkimyosanoat” AJning yirik aksiya ulushi xususiylashtirilishi belgilanib, Qaror ijrosini taʼminlash boʻyicha qoʻyidagi ishlar amalga oshirildi:

“Fargʻonaazot” AJni xususiylashtirish jarayonlarini amalga oshirish uchun yetakchi konsultant etib “Deloitte” xalqaro konsalting kompaniyasi; aktivlarni baholash ishlarini amalga oshirish uchun “KPMG” xalqaro auditorlik kompaniyasi belgilangan tartibda tanlab olingan va hozirda tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, qaror talablariga muvofiq ushbu davlat aktivini sotish jarayonlariga Davaktiv agentligining Strategik konsultanti sifatida Xalqaro moliya korporatsiyasi jalb etilib, u bilan joriy yil fevral oyida texnik yordam koʻrsatish boʻyicha tegishli shartnoma imzolandi.

2021-yilning 10-dekabr kuni tegishli ulushlarni (99,02 foiz) ochiq tanlovlar orqali sotish boʻyicha eʼlon berilib, potensial investorlardan qiziqish boʻyicha arizalar (Expression of interest) olish jarayoni boshlangan.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-dekabrdagi qarori bilan “Dexqonobod kaliy zavodi” AJdagi aksiyalar paketini xususiylashtirish boʻyicha amalga oshiriladigan tegishli chora-tadbirlar belgilanib, mazkur chora-tadbirlarga muvofiq “Fargʻonaazot” AJ va “Dehqonobod kaliy zavodi” AJning ustav kapitalidagi aksiya paketlarini xususiylashtirish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha Ishchi guruxi shakllantirildi. Sotish jarayoniga yetakchi konsultant sifatida “Deloitte”, baholash ishlariga - “KPMG” kompaniyalari belgilangan tartibda tanlab olingan va jalb etilgan. Hozirda tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu jarayonga Xalqaro moliya korporatsiyasini strategik konsultant sifatida jalb etish shartlari kelishildi. Xususiylashtirish jarayonini shaffofligini taʼminlash hamda savdo jarayonlarini yanada yuqori raqobat muhitida tashkillashtirish maqsadida Jamiyatning aksiya ulushini narxining   kon zaxiralarini (Tubegatan kaliyli tuz koni) JORC standartlari asosida tahlil qilish va baholash uchun xalqaro nufuzga ega boʻlgan DMT group injiniring konsalting kompaniyasi tanlab olindi.

Birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakuni boʻyicha “Oʻzkimyosanoat” AJ natijalari.

Kimyo sanoatida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalarga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish maqsadida joriy yilning 24-26-mart kunlari Toshkent xalqaro investitsiya forumida “Oʻzkimyosanoat” AJ ham qatnashdi. Forum doirasida qiymati 1 mlrd.dollardan ortiq 5 ta investitsiya loyihalarini hamda qiymati 127,5 mln.dollarga teng kimyoviy mahsulotlar eksport shartnomalarini amalga oshirish yuzasidan shartnomalar imzolandi. Jumladan, Navoiy viloyatida kaliy nitrat va kaliy sulfat, Toshkent viloyatida fosforli mineral oʻgʻitlar hamda Chirchiq shahrida oʻsimliklarni himoya qilishga moʻljallangan kimyoviy vositalar ishlab chiqarish  va kimyo texnologik klasteri uchun quvvati 800 MVtga teng zamonaviy energoblok qurish loyihalari doirasida 2022-2027-yillarda jami 995,0 mln dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar oʻzlashtirilib, loyihalar ishga tushirilishi natijasida 1 166 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi va 10 dan ortiq kimyo mahsulotlari ishlab chiqarilishi taʼminlanadi.

Forum doirasida “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan  “Kimyo innovatsiyalari” mavzusida tashkil etilgan “Biznes Nonushta”da Yaponiyaning “Mitsubishi” va “Toyota Tsusho Corporation”, Germaniyaning “Siemens Energy”, Fransiyaning “EDF”, Singapurning “Indorama Group”, Saudiya Arabistonining “Sabic”, Avstriyaning “Bowas” hamda boshqa koʻplab chet el kompaniyalarning 100 dan ortiq vakillari, xorijiy va mahalliy investorlarga kimyo sanoatida xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali yuqori likvidli mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalar “road show” taqdimoti oʻtkazildi. “Biznes nonushta” davomida xorijiy kompaniyalar va xalqaro ekspertlar tomonidan qator taqdimotlar oʻtkazilib, hamkorlik oʻrnatish boʻyicha aniq kelishuvlarga erishildi. Toshkent xalqaro investitsiya forumi kimyo sanoati uchun investorlar va hamkorlarni jalb qilish uchun keng imkoniyatlar yaratdi.

Matbuot anjumani yakunida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati