"O'zkimyosanoat" AJ

“Jizzax plastmassa” aksiyadorlik jamiyatida “Atrof-muhit himoyasiga barchamiz mas'ulmiz!” shiori ostida ko'kalamzorlashtirish loyihasi tashkil etildi

// 26 March 2021 yil
https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/jizplast-daraxt

 

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tizimdagi korxona va tashkilotlar hamda ularga tutash hududlarda “Atrof-muhit himoyasiga barchamiz mas'ulmiz!” shiori ostida o'tkazilayotgan ko'kalamzorlashtirish loyihasining navbatdagi tadbiri “Jizzax plastmassa” aksiyadorlik jamiyatida tashkil etildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 oktyabrdagi   “2030 yilgacha bo'lgan davrda O'zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi PF-5863-sonli farmoni ijrosini ta'minlash hamda “O'zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxona va tashkilotlar hamda ularga tutash hududlarda “Atrof-muhit himoyasiga barchamiz mas'ulmiz!” shiori ostida ko'kalamzorlashtirish loyihasini yuqori saviyada o'tkazish maqsadida joriy yilning mart oyi “O'zkimyosanoat” AJ tizimida “Ko'kalamzorlashtirish oyligi” deb e'lon qilindi.

Loyihadan ko'zlangan asosiy maqsad korxona-tashkilotlar joylashgan hudud ekologik holatini yanada yaxshilashga ko'maklashish hamda atrof-muhitni manzarali daraxtlar bilan boyitish hisoblanadi.

Loyiha doirasida “O'zkimyosanoat” AJ tizimidagi tarmoq korxona va tashkilotlar tomonidan daraxt va manzarali ko'chatlar ekish belgilangan. 2020 yil “Ko'kalamzorlashtirish oyligi” davomida birinchi marta o'tkazilgan loyiha doirasida jamiyat tizimidagi korxona-tashkilotlar tomonidan 62500 dona manzarali daraxtlar, 1200ga yaqin mevali daraxtlar va 81000dan ortiq manzarali ko'chatlar hamda gullar ekildi.

26 mart kuni “Jizzax plastmassa” AJda o'tkazilgan ko'chat ekish tadbirida korxona tomonidan 550 dona daraxt va 600ga yaqin manzarali ko'chatlar hamda gullar ekildi.

Tadbirda korxona tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar, yoshlar, “O'zkimyosanoat” AJ rahbariyati va mas'ul xodimlari hamda ommaviy axborot vositasi vakillari va blogerlar ishtirok etdi.

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimiz kimyo sanoatini yanada isloh qilishga qaratilayotgan barcha loyihalarning asosiy maqsadi, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini qo'llash orqali, energiya resurslarini tejash va atrof-muhitni ifloslantirilishini oldini olishdan iboratdir.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “2030 yilgacha bo'lgan davrda O'zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida “O'zkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida 2020-2022 yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish” bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilib, O'zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat Qo'mitasi bilan kelishildi.

Unga ko'ra, tarmoq korxonalarida atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbaalaridan namunalar olish va tahlil qilish, shuningdek, ularga tutash hududlarda statsionar avtomatik kuzatish postlari bilan bosqichma-bosqich jihozlash, suv tozalash inshootlarini va texnologik jarayonlarni rekonstruktsiya xamda modernizatsiya qilish ishlarini olib borish natijasida atrof-muhitga chiqarilayotgan zararli tashlanmalar, suyuq va qattiq chiqindilarni 20% kamaytirish ko'zda tutilgan.

Shuningdek, “O'zkimyosanoat” AJ tomonidan yuqorida sanab o'tilgan amaliy ishlar bilan bir qatorda kelajak avlodga ekologik jihatdan sof tabiatni qoldirish, atrof-muhit himoyachisi bo'lgan yashil hududlarni yanada kengaytirishga qaratilgan mart oyi davomida o'tkaziladigan “Atrof-muhit himoyasiga barchamiz mas'ulmiz!” shiori ostida ko'kalamzorlashtirish loyihasi ham amalga oshirilmoqda.

Dunyo miqyosida kuzatilayotgan global isish sabablaridan biri tropik o'rmonlarni yo'q qilish orqali yaratilgan ortiqcha issiqxona gazlari hisoblanadi. Karbonat angidrid esa (CO2) asosiy issiqxona gazlaridan sanalanadi. Daraxtlar fotosintez jarayonida ushbu zararli CO2ni kislorod aylantiradi. Ma'lumotlarga ko'ra, bir yil davomida 4047 kv. m. hududga ekilgan katta daraxtlar 42000 km masofani bosib o'tgan avtomobil tomonidan hosil bo'ladigan CO2 miqdorini zararsizlantiradi.

Shuningdek, yashil daraxtzorlar aholi punktlarining sanitar-gigienik sharoitlarini yaxshilovchi vosita (havoning tarkibini yaxshilash, uni kasallik keltirib chiqaruvchi mikroorganizmlardan tozalash, chang, gaz, sanoat chiqindilaridan himoya qilish) ham hisoblanadi. Daraxt va buta o'simliklari shovqinni o'ziga singdiradi. Bu esa shahar sharoitida, ayniqsa, muhimdir. Hiyobon va bog'lar esa odamlarga estetik zavq bag'ishlaydi, asab sistemasini tinchlantiradi va sevimli dam olish maskani bo'lib xizmat qiladi.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati