"O'zkimyosanoat" AJ

Jahon qayta ishlangan isteʼmol plastmassa bozori 2033-yilga borib ikki baravar oʻsadi

// 06 August 2026 yil
https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/jahon-qayta-ishlangan-iste-mol-plastmassa-bozori-2033-yilga-

2025-yilda jahon qayta ishlangan isteʼmol plastmassa (PCR – Post-Consumer Recycled) bozori hajmi 13,2 mlrd AQSH dollariga yetdi. Grand View Research prognoziga koʻra, 2026–2033-yillar davomida bozor hajmi 14,8 mlrd dollardan 30 mlrd dollargacha oshadi.

Bu davrda oʻrtacha yillik oʻsish surʼati 10,6 foizni tashkil etadi.
 
Bozorning oʻsishi oziq-ovqat, ichimliklar va qadoqlash sanoatida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar tomonidan barqaror rivojlanish tamoyillarining keng joriy etilishi hamda qayta ishlangan plastmassa materiallaridan foydalanish hajmining ortishi bilan izohlanadi.
 
Agentlik maʼlumotlariga koʻra, eng yirik bozor Osiyo–Tinch okeani mintaqasi boʻlib, umumiy daromadning 45,1 foizi aynan ushbu hudud hissasiga toʻgʻri keladi. Eng tez rivojlanayotgan bozor esa Shimoliy Amerika hisoblanadi.Material turlari boʻyicha polistirol segmenti eng yuqori oʻsish surʼatlarini namoyon etishi kutilmoqda. Mazkur segmentning yillik oʻsishi oʻrtacha 5 foizni tashkil etadi. PCR-plastik (Post-Consumer Recycled) — isteʼmolchilar tomonidan foydalanib boʻlingan chiqindilar (masalan, plastik butilkalar va qadoqlash materiallari)ni qayta ishlash orqali olinadigan ikkilamchi polimerdir. U yangi qadoqlash mahsulotlari hamda keng isteʼmol tovarlarini ishlab chiqarishda qoʻllaniladi.
 
PR tadqiqotiga koʻra, jahon biologik parchalanadigan plastmassalar bozori 2025-yilda 5,4 mlrd AQSH dollariga baholanmoqda. 2034-yilga borib ushbu koʻrsatkich 19,4 mlrd dollarga yetishi, bozor esa yiliga oʻrtacha 15,3 foiz surʼatda oʻsishi prognoz qilinmoqda.