"O'zkimyosanoat" AJ

Ishlab chiqarish innovatsion loyihalar bilan takomillashtirilmoqda

// 05 November 2024 yil
https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/ishlab-chiqarish-innovatsion-loyihalar-bilan-takomillashtiri

Mamlakatimiz Prezidentining 2022-yil 6-iyuldagi “2022-2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida mahsulot ishlab chiqarish jarayoniga ilmiy yondashuvlar asosidagi yangi ishlanmalar joriy etilib, innovatsion loyihalar amalga oshirilmoqda.

Birgina oʻtgan yilda korxonalarda 19 ta loyiha amalga oshirilgan.

Xususan, ulardan biri Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Mikrobiologiya instituti bilan akril kislotasi nitrilidan akrilamid olishning mikrob biotexnologiyasini joriy etish loyihasidir. Odatda akrilamid “Navoiyazot” AJda kimyoviy usulda ishlab chiqarilar edi, bu usul texnologik, iqtisodiy va ekologik jihatdan bir qator kamchiliklarga ega. Taklif etilgan usul akrilonitrilning biotransformatsiyasi uchun biokatalizatordan foydalaniladi va 99-100% sof akrilamid olish imkonini beradi. Ushbu biotexnologiya energiya tejovchi, bir bosqichli va ekologik jihatdan toza hisobalanadi. Bundan tashqari, u kimyoviy usul bilan solishtirganda mahsulot tannarxini 20% dan ortiq kamaytirish imkonini beradi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, akrilamid poliakrilamid va akril kislotaning turli polimerlari va sopolimerlarini keng miqyosda ishlab chiqarish uchun qimmatli monomerdir. Akrilamid polimerlari oʻziga xos foydali xususiyatlarga ega, texnika va texnologiyaning turli sohalarida keng qoʻllaniladi, minerallarni boyitish va qayta tiklash jarayonida ruda flotatsiyasi qoldiqlari uchun flokulyantlar sifatida ishlatiladi.

Yana bir loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti bilan poliakrilamid asosida flokulyantlar olish usuli va texnologiyasini ishlab chiqish loyihasidir. Maʼlumki, har bir sanoat korxonasida ajraladigan oqova suvlarini tozalash dolzarb masala hisoblanadi. Flokulyantlar esa oqova suvlarini tozalab, ulardan ishlab chiqarish jarayonida takroran foydalanish imkoniyatini beradi.

Taʼkidlash oʻrinli har ikkala loyiha ham «Navoiyazot» AJ negizida ishlab chiqildi va amalga oshirildi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati