Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan dehqon fermer xo'jaliklari, paxta, g'alla va sabzavot yetishtirish bilan mashg'ul bo'lgan fuqarolarni sifatli mineral o'g'it bilan ta'minlash ishlari “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatining tarmoq korxonalari tomonidan amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, “Ammofos-Maksam” AJ ichki bozor va qo'shni davlatlar ehtiyojini “Ammofos”, “PS-agro”, “Superfos”, “ASF” mahsulotlari ishlab chiqarib, davlat standarti talablariga javob beradigan mineral o'g'itlar bilan iste'molchilarning ehtiyojini qondirib kelmoqda.
Biroq respublikamizning ayrim hududlarida qo'lbola usulda tayyorlangan qo'shtirnoq ichidagi sifatsiz “mineral o'g'itlar” kun sayin ommalashib bormoqda hamda tashkilot tizimidagi korxonalar ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga bo'lgan ishonchni kamaytirmoqda va ularning bozorgirligiga to'sqinlik qilmoqda.
Turli firma va xususiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan hech qanday davlat standartlariga javob bermaydigan, sifatsiz soxta “mineral o'g'itlar” xalq xo'jaligi tarmoqlariga ochiq oydin tarqatib kelinmoqda. Shaxsini sir saqlash sharti bilan qo'lbola usulda tayyorlangan “o'g'itlar” ishlab chiqarish bilan shug'ullanuvchilar haqida xabar bergan fuqaro quyidagilarni ta'kidladi.
Farg'ona viloyati O'zbekiston tumani “Konizar” mahallasi, Furqat tumani Qo'qon spirt zavodining orqa tomonidagi avtopark yonidagi hovlida, Andijon-Qo'qon yo'lidagi Qo'qon shahriga kirishdagi, “Uzumchilik” mahallasidan so'ng yo'lning o'ng tomonida strelka, taxminan 500 metr yurgandan keyin eski binoda, “Ammofos” o'g'iti ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgan. “Ammofos-Maksam” logotipi tushurilgan qoplarda, qo'lbola usulda tayyorlangan sifatsiz mineral o'g'itlar mamlakatimizning turli hududlaridagi fermer xo'jaliklari vakillariga arzon narxda sotilmoqda. Endilikda bu “uddaburon tadbirkorlar” tashkilot tizimidagi korxonalar qolib, Qozog'iston Respublikasining “Kazfosfat” korxonasining logitipini tushurib mahsulot ishlab chiqarishni yo'lga qo'yishdi.
Avvalom bor shuni ta'kidlash lozimki, ammofos – murakkab kompleks azot-fosforli mineral o'g'it hisoblanib, ushbu o'g'it bir nechta bosqichlardan iborat kimyoviy jarayonlarni o'z ichiga olgan texnologiya asosida ishlab chiqariladi. Bu jarayonlarda organizmga, tuproqqa, atrof-muhitga zararli ta'sir yetkazishi mumkin bo'lgan sulfat va ortofosfor kislotalari, ammiak va boshqa asosiy kimyoviy xom-ashyolar ishlatiladi. Bu turdagi kimyoviy moddalardan foydalanish, ularni saqlash, tashish kabi ishlarni amalga oshirish uchun ham tegishli talablar belgilangan. Bundan tashqari texnologik jarayonlar ham yuqori bosim va haroratlarda ishlovchi uskunalarda olib boriladi. Ya'ni oddiy sharoitda bunday o'g'itni ishlab chiqarib bo'lmaydi.
Lekin “uddaburon tadbirkorlar” tomonidan qo'lbola usulda ishlab chiqarilayotgan o'g'itlar, internet tarmoqlari orqali reklama qilinib, dehqonchilik bilan shug'ullanayotgan fuqarolarga sotilmoqda va ularni aldab kelishmoqda. Bu kabi shaxslarning noqonuniy faoliyat yuritishlari natijasida, avvalambor mamlakatimizning iqtisodiyotiga, imidjiga, mineral o'g'it ishlab chiqaruvchi korxonalarning ish samaradorligiga, yerning strukturasiga va eng asosiysi dehqonlarimizga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.
Firibgar “ishbilarmonlar” tomonidan tayyorlanayotgan “mineral o'g'it” asosan oddiy tuproq loyga aylantirilib quritilib, alebastr qorishmasi bilan aralashtirilib, O'zbekiston va Qozog'iston Respublikalari korxonalarining qoplariga o'xshash qoplarga solib sotilmoqda.
“Ammofos-Maksam” mutaxassislari tomonidan shunday “tadbirkor” tomonidan ishlab chiqarilgan “mineral o'g'it”ning namunasi laboratoriyada sinovdan o'tkazildi va quyidagi xulosa olindi: Tarkibida ushbu moddaning mineral o'g'itlar safiga kirishini aniqlaydigan asosiy komponentlar (fosfor va azot) mavjud emas.
Bunday g'ayriqonuniy tayyorlangan mineral o'g'itlarni ishlab chiqarish bilan yashirin ravishda shug'ullanuvchi “tsexlar” respublikamizning boshqa tuman va shaharlarida ham faoliyat ko'rsatayotgan bo'lishi mumkin.
Toshkent viloyatining “Piskent”, “O'rtasaroy”, Farg'ona viloyatining O'zbekiston tumani, “Yaypan” qishloqlarida ham huddi shunday noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanib, mineral o'g'itlarni ishlab chiqarishni yo'lga qo'ygan yashirin “tsexlar” to'g'risida ma'lumotlar mavjud.
“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati O'zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasidagi o'z savdo maydonchasi orqali tashkilot tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mineral o'g'itlar va boshqa kimyo mahsulotlari savdoga qo'yadi. Aynan birja savdolari orqali harid qilingan mahsulotlar barcha davlat standartlariga javob beradi hamda mahsulotlar unumdorligi va faoliyatingiz rivojiga o'z xissasini qo'shadi.
O'zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasidagi “O'zkimyosanoat” AJ savdo maydonchasi orqali tashkilot tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar savdosi bo'yicha barcha ma'lumotlarni www.uzkimyosanoat.uz rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi https://t.me/uzkimyosanoat va https://www.facebook.com/uzkimyosanoat/ rasmiy sahifalari orqali olishingiz mumkin.
Mahsulotlarni yetkazib berish va ularning sifat darajasi bo'yicha taklif va e'tirozlaringiz bo'lsa, (78) 140-74-48 ishonch telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.
“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati