"O'zkimyosanoat" AJ

“CHIRCHIQ” KIMYO-INDUSTRIAL TEXNOPARKINING TANTANALI OCHILISH MAROSIMI BO`LIB O`TDI

// 23 March 2022 yil
https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/chirchiq-kimyo-industrial-texnoparki-taqdimoti

Joriy yilning 23-mart kuni Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida joylashgan, mamlakatimizning, xususan Chirchiq shaharining iqtisodiy hayotida gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻlgan “Chirchiq” Kimyo-industrial texnoparkining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanov, Oʻzbekiston va Tatariston hukumati, vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari, kimyo va neft-kimyo sanoati vakillari, tadbirkorlar, mahalla faollari va faol yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Dastlab oliy darajadagi mehmonlar va tadbir ishtirokchilari “Chirchiq kimyo-industrial texnoparki taqdimoti, hududi, imkoniyatlari hamda texnopark rezidentlari tomonidan ishlab chiqariladigan maxsulotlar koʻrgazmasi bilan tanishishdi. “Chirchiq” Kimyo-industrial texnoparkining tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanovlar nutq soʻzlab, gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻlgan voqea bilan barchani tabriklashdi va ramziy tugma bosilib, Toshkent viloyati Chirchiq shahrida joylashgan “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki loyihasiga rasman start berildi. Tadbir davomida qator muhim hujjatlarni rasmiy imzolash va almashish jarayonlari ham oʻtkazildi.

Shuni ham alohida taʼkidlab oʻtish lozim, 2022-yilning 3-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent viloyatida Chirchiq kimyo-industrial texnoparkini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-116-son qarori qabul qilingan boʻlib, loyihadagi barcha majmualarni bunyod etish uchun 30 million dollar miqdorida mablagʻ sarflanadi. Texnopark hududida MIZ uchun belgilangan alohida soliq, bojxona va valyuta tartibotlari amal qiladi. Texnoparkning umumiy maydoni 31,22 ga boʻlib birinchi bosqichda 14 ta korxona ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishi kutilmoqda. Bu yerda yiliga har xil turdagi 100 dan ortiq maxsulotlar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Texnopark toʻliq ishga tushishi natijasida 2 mingdan ziyod yangi ish oʻrinlari tashkil etiladi. Shuningdek, yiliga texnoparkda ishlab chiqarilgan 15 million dollarlik maxsulotlar eksport qilinadi. Kimyo-industrial texnoparkida dunyoning 10 dan ortiq mamlakati, jumladan, Rossiya, Germaniya, Koreya, Turkiya, Xitoy kabi davlatlarda tayyorlangan asbob-uskunalar oʻrnatiladi. Bu yerdagi korxonalar ekologik talablarga javob beradigan, taʼbir joiz boʻlsa, “yashil” korxonalardan biri boʻlishi bilan ham ahamiyatlidir.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati