“Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida 2025-yil 9 oyi davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtamiz.
2025-yilning 9 oyi davomida “Oʻzkimyosanoat” AJ hamda tarmoq korxonalarining Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorati boʻlinmalari tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar amaldagi qonunchilik va ichki normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq tashkil etildi.
Hisobot davrida komplayens nazorati hamda korrupsiyani oldini olishga qaratilgan tadbirlar “Oʻzkimyosanoat” AJning ijro apparati, shuningdek “Maksam-Chirchiq” AJ, “Ammofos-Maksam” AJ, “Oʻzkimyosanoatloyiha” AJ va “Oʻzkimyoimpeks” MCHJda amalga oshirildi.
Shu davrda “Oʻzkimyosanoat” AJ va unga qarashli korxonalarga ishga qabul qilingan 260 nafar yangi xodim manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish maqsadida tekshiruvdan oʻtkazildi.
Bundan tashqari, 97 nafar rahbar xodim va korrupsiyaga qarshi ichki tuzilmalar mutaxassislarining malakasi oshirildi. Jumladan:
67 nafar rahbar xodim ISO 31000:2018 — “Xavflarni boshqarish” xalqaro standarti boʻyicha oʻquv kurslarini tamomladi;
30 nafar korrupsiyaga qarshi ichki tuzilma xodimi “Korrupsiyaga qarshi virtual akademiya” portali orqali “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimining samarali ishlashini taʼminlash” mavzusidagi chuqurlashtirilgan kurslarda oʻz malakalarini oshirdilar.
Korxonalarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tomonidan 18 dan ortiq seminar va davra suhbatlari tashkil etilib, ularda 820 nafardan ziyod xodimlarga korrupsiyaga qarshi kurashish va manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish masalalari boʻyicha nazariy bilimlar berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilning oʻtgan toʻqqiz oyi davomida amalga oshirilgan ishlar boʻyicha maʼlumotlar “E-Antikor.uz” elektron platformasiga 5 ta yoʻnalish va 29 ta maxsus indikator boʻyicha yuklandi.
2025-yil iyul va avgust oylarida “Maxam-Chirchiq” AJ hamda “Oʻzkimyoimpeks” MCHJ xalqaro “CERT International” akademiyasi tomonidan oʻtkazilgan auditdan muvaffaqiyatli oʻtib, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi nufuzli ISO 37001:2016 xalqaro sertifikatiga qayta munosib deb topildi.
Davlat xaridlari doirasida hisobot davrida 2 518 ta xoʻjalik shartnomasi tuzilib, barchasiga korrupsiyaga qarshi kurashish talablari kiritildi.
Oʻtgan davrda “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarining ishonch aloqa kanallari orqali jismoniy va yuridik shaxslardan 380 ta murojaat kelib tushdi, shundan 12 tasi korrupsiyaga oid boʻlib, barchasi boʻyicha xizmat tekshiruvlari oʻtkazildi. Uning natijasida 10 nafar xodimga nisbatan intizomiy choralar koʻrildi.
Tizimda oʻtkazilgan 56 ta rejali tekshiruv natijasida 25 ta holat yuzasidan toʻplangan materiallar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. Ayni paytda 20 ta holat boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, 5 ta holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
2025-yil 9 oyi mobaynida “Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida amalga oshirilgan tizimli chora-tadbirlar sohaga daxldor faoliyatda ochiqlik, masʼuliyat va halollik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
"Oʻzkimyosanoat" AJ Matbuot xizmati