"O'zkimyosanoat" AJ

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxona va tashkilotlarda ham “Komplaens-nazorat” tizimi tashkil etiladi

// 29 December 2020 yil
https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/anticorruption-roadmap

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida O'zbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda tashkilotda korruptsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish yuzasidan 2020-2021 yillarga mo'ljallangan “Yo'l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash borasida amalga oshirilgan ishlar bo'yicha yig'ilish o'tkazildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentning 2020 yil 29 iyundagi “O'zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF-6013-son farmonida davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi bo'lgan korxonalarda korruptsiyaga qarshi ichki idoraviy nazorat tizimlarini Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan.

Mazkur farmon ijrosini ta'minlash maqsadida “O'zkimyosanoat” AJda komplaens xizmati tashkil etildi. Uning asosiy vazifasi tizimdagi korruptsiya holatlarining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishning ta'sirchan tizimini ishlab chiqish, shuningdek, jamiyat xodimlari o'rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, korruptsiya xavfi mavjud bo'lgan hollarda maslahat berish va qo'llab-quvvatlashdan iborat.

Jamiyatda korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha ichki me'yoriy hujjatlar va tartib-qoidalar, jumladan, korruptsiyaga qarshi kurash rejasi, korruptsiyaga qarshi siyosati, ishbilarmonlik axloq kodeksi, manfaatlar to'qnashuvini boshqarish siyosati va boshqa bir qator me'yoriy hujjatlar qabul qilindi.

“O'zkimyosanoat” AJda tasdiqlangan “Yo'l xaritasi”da esa tizim korxonalari xodimlari o'rtasida korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida tushuntirish ishlarini olib borish, xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish nazarda tutilgan.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi “Komplaens-nazorat” tizimini joriy etish boshqarmasining ma'sul xodimlari O.Latipov va S.Mamanovga so'zga chiqib, Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan yurtimizda korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi amalga oshirilayotgan islohotlar, “Komplaens-nazorat” tizimini davlat korxonalarida tadbiq etish jarayonlari to'g'risida ma'lumot berdilar.

Ma'ruzachilar o'z so'zlarida korruptsiya ijtimoiy-siyosiy vayronkor oqibatlarga olib kelishi, milliy iqtisodiyotga putur yetkazishi, ijtimoiy tengsizlikni chuqurlashtirishi, xalqning davlat boshqaruvi hokimiyati organlariga bo'lgan ishonchini pasaytirishi, uyushgan jinoyatchilikni kuchaytirishi, jamiyatda ma'naviyat izdan chiqishiga olib kelishini ta'kidlab o'tdilar.

Tadbir so'nggida “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxona va tashkilotlarda ham “Komplaens-nazorat” tizimi tashkil etish bo'yicha qaror qabul qilindi

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati