“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida tashkilot Komplaens xizmati tomonidan o‘tgan 2021-yil davomida amalga oshirilgan ishlar yakunlariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Tadbirda jamiyat tizimidagi korxona-tashkilotlar videokonferensaloqa orqali ishtirok etdi.
Tadbir davomida Komplaens xizmatining 2021-yildagi faoliyat yakunlari yuzasidan hisoboti taqdim etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5729-sonli Farmoni talablari asosida “O‘zkimyosanoat” AJda Komplaens xizmati tashkil etildi va “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, amalga oshiriladigan tadbirlar belgilab olindi. Mazkur sohada hamkorlik “KPMG” xalqaro auditorlik tashkiloti bilan yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu dasturga muvofiq korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki me'yoriy hujjatlar, ya'ni “Korrupsiyaga qarshi siyosat”, “Axloq kodeksi”, “Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish siyosati” kabi 20 dan ortiq ichki me’yoriy hujjatlar qabul qilindi va o‘rnatilgan tartibda barcha xodimlarga tanishtirish va tushuntirish ishlari amalga oshirildi.
Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida komplaens nazorat tizimi bosqichma-bosqich kimyo sanoati korxonalariga tatbiq etilmoqda. Jumladan, “Navoiyazot” AJ, “Farg‘onaazot” AJ, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ, “Maksam-Chirchiq” AJ, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ, “O‘zkimyoimpeks” MChJ va “Qo‘ng‘irot soda zavodi” MChJ QKlarida komplaens nazorat tizimi o‘z faoliyatini yuritmoqda. “O‘zkimyosanoatloyiha”, “Ammofos-Maksam” AJlarda esa mazkur tizimga xodimlar tanlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Jamiyat va tizimdagi korxonalarda korrupsion xavf-xatarlarni aniqlash, ularning oldini olish va chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, shuningdek, ushbu illatlarga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida bir qator tadbirlar amalga oshirildi.
Jumladan, mehnat munosabatlarida qonun buzilish holatlarini o‘rganish maqsadida 2021-yilda jami 49 ta xizmat surishtiruvi o‘tkazilib, natijalari bo‘yicha tegishli xulosalar tayyorlangan va aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan. Jumladan, 44 nafar xodimning ish haqidan jarima, 39 nafar mas’ul xodimlarga hayfsan, 20 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 11 nafariga nisbatan ma’muriy choralar, 9 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.
2021-yilda tizimda jami 22 ta holatda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlar bartaraf etilgan. Jumladan, tizimda aniqlangan noqonuniy holatlarni hujjatlashtirish natijasida kimyo sanoati korxonalari tomonidan tayyor mahsulotni saqlovga berilgan tadbirkorlik sub'ektlarida 80,4 mlrd. so‘mlik mineral o‘g‘itlar kamomadi aniqlanib, rasmiylashtirildi. Hozirgi kunda 29,9 mlrd. so‘m mablag‘lar undirilishi ta'minlandi.
Shu bilan birga olib borilgan ishlar natijasida 500,0 mln. so‘mdan ortiq tovar moddiy boyliklar va 100,0 mln. so‘mdan ortiq yoqilg‘i-moylash materiallarini talon-taroj qilinishi va 3,5 mlrd. so‘m xarajatlar samarasiz ishlatilishining oldi olindi.
Kimyo sanoati korxonalari tomonidan taqdim etilgan materiallar asosida huquq-tartibot organlari tomonidan 10 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Jamiyat va tizim korxonalari xodimlarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish maqsadida kompalens xizmati xodimlari va huquq-tartibot organlari xodimlari ishtirokida 2021-yilda jami 116 ta tushuntirish-profilaktik tadbirlari amalga oshirildi.
“O‘zkimyosanoat” AJ xodimlari o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Davlat xavfsizlik xizmati mas'ul xodimlari hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida seminarlar o‘tkazildi.
Shuningdek, hisobot davrida Davlat xavfsizlik xizmati, Prokuratura organlari xodimlari ishtirokida kimyo sanoati korxonalarida mol-mulk va mablag‘larni talon-taroj qilish hamda o‘zlashtirish va qo‘shib yozishlar, kamomadga yo‘l qo‘yish holatlari to‘g‘risida hamda jamiyat xodimlari orasida iqtisodiy jinoyatlarga nisbatan murosasizlik hissini shakllantirish maqsadida 6 ta tushuntirish-profilaktik tadbirlari amalga oshirildi.
Jamiyat va tarmoq korxonalarida ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablarini joriy etish maqsadida “CERT Academy Group” xalqaro trening kompaniyasi mutaxassislarini jalb etgan holda 33 ta xodim ishtirokida o‘quv kurslari tashkil etildi va natijasi bo‘yicha tegishli sertifikatlar olindi.
“O‘zkimyosanoat” AJ xodimlarida korrupsiyaga oid bilimlarini baholash maqsadida test sinovlari o‘tkazildi va unda jamiyatning 73 nafar xodimi “Test.uks.uz.” platformasi orqali test sinovlarida qatnashdi. Test savollari natijasida aniqlangan ko‘rsatkichlar asosida xodimlarning keyingi o‘quv seminarlarida tushuntirish-profilaktik tadbirlar yo‘nalishi belgilab olindi.
2021-yilning noyabr oyida “CERT International” xalqaro trening kompaniyasi mutaxassislari tomonidan “O‘zkimyosanoat” AJning korrupsiyaga qarshi kurash menejment tizimi auditdan muvaffaqiyatli o‘tdi va mazkur tashkilot tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmi amalda samara berayotganining asosiy ko‘rsatkichi hisoblanuvchi ISO 37001:2016 muvofiqlik sertifikati taqdim etildi.
Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatning ochiqligi hamda shaffofligini ta'minlash maqsadida 2021-yil davomida ommaviy axborot vositalari va rasmiy veb-saytlari orqali sohaga oid jami 70 dan ortiq materiallar joylashtirildi hamda tashkilot Matbuot xizmati tomonidan jamiyat hamda tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida “O‘zbekiston-24” hamda “Uzreport” teleradiokanallarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda tashkil etilgan brifingda ma’lumotlar berildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-son Farmoni ijrosi doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, kadrlarni tanlashda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, korrupsiyaga qarshi kurashish amaliyotiga tizimli preventiv choralarni kuchaytirish va mazkur sohadagi bilimlarini uzluksiz oshirish maqsadida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi va bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etilmoqda.
“O‘zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati