"O'zkimyosanoat" AJ

O'zbekiston va BAA o'rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi

// 26 March 2019 yil
https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news-uzbekistan/uzbekiston-va-baa-urtasida-savdo-iqtisodiy-va-investiciyaviy-hamkorlikni-kengaytirishga-kelishib-olindi

Abu-Dabi shahridagi “Qasr al-Vatan” saroyida O'zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo'ldi.

Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma'lum qildi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Shavkat Mirziyoev va Muhammad bin Zoid Ol Nahayon shohsupaga ko'tarildi. O'zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari davlat madhiyalari yangradi.

Shundan so'ng ikki davlat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari boshlandi.

Shavkat Mirziyoev samimiy qabul va yuksak ehtirom uchun minnatdorlik bildirib, xalqlarimizning diniy-ma'naviy qadriyatlari mushtarak ekani, bu ikki mamlakat o'rtasida o'zaro ishonch va hurmat ruhidagi hamkorlikni rivojlantirishga asos bo'lishini ta'kidladi.

Birlashgan Arab Amirliklari tarixan qisqa davrda – ellik yilda sahro qo'ynida mo''jiza yaratib, iqtisodiyot, innovatsiya, savdo, moliya va turizm bo'yicha dunyo markazlaridan biriga aylanganini, O'zbekiston shu sohalarda hamkorlik qilish va tajriba almashishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

Muhammad bin Zoid Ol Nahayon O'zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash va davlatning xalqaro nufuzini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari o'rtasida diplomatik aloqalar 1992 yil 25 oktyabrda o'rnatilgan. Yaqinda ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor O'zbekiston Respublikasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi Favqulodda va muxtor elchisi tayinlandi.

Yurtimizda BAA investitsiyalari ishtirokida 107 ta korxona faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu mamlakat firma va kompaniyalarining 28 ta vakolatxonasi ochilgan. Ular asosan to'qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, meva konservalari, poligrafiya, ulgurji savdo, umumiy ovqatlanish tarmoqlari, xizmat ko'rsatish yo'nalishlarida ish olib bormoqda.

2018 yilda ikki mamlakat o'rtasidagi savdo aylanmasi hajmi qariyb 400 million dollarni tashkil etgan.

Davlatimiz rahbari bu ko'rsatkich avvalgi yillarga nisbatan o'sgani, lekin tomonlarning salohiyatini hisobga olganda, yetarli darajada emasligini ta'kidladi. Shu bois muzokaralarda ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlikni har tomonlama kengaytirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion, bank-moliya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi amaliy aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.

Joriy yil 12 mart kuni Toshkentda bo'lib o'tgan Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-BAA hukumatlararo komissiyasining uchinchi yig'ilishi natijalari ijobiy baholandi. Hukumatlararo komissiya oldiga yaqin yillarda o'zaro savdo aylanmasi hajmini 1 milliard dollarga yetkazish, buning uchun tovar yetkazib berishni ko'paytirish, xomashyoni qayta ishlash va qo'shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo'yicha qo'shma loyihalarni amalga oshirish vazifasi qo'yildi.

Ikki mamlakat o'rtasida turizm sohasida ham ulkan salohiyat bor. Amirliklar aholisi buyuk allomalarimiz maqbaralarini ziyorat qilish, tabiatimiz manzaralaridan bahra olishga orzumand. O'tgan yili BAAdan yurtimizga kelgan sayohatchilar soni 1,5 barobar o'sgan.

Prezidentimizning yaqinda imzolangan farmoniga muvofiq, yurtimizda Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun vizasiz rejim belgilandi. Bu O'zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o'rtasida nafaqat turizmni rivojlantirish, balki savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikni yanada faollashtirishga xizmat qilishi ta'kidlandi.

Kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralardan so'ng ikki tomonlama imzolangan hujjatlarni almashish marosimi bo'ldi.

O'zbekiston Respublikasi va BAA o'rtasida Qo'shma bayonot qabul qilindi. Investitsiyalar, moliya, muqobil energetika, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo'jaligi, bojxona ma'muriyatchiligi, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlik bo'yicha imzolangan hujjatlar almashildi. Umuman, tashrif doirasida umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq bo'lgan kelishuvlarga erishilgani ma'lum qilindi.

Shundan so'ng, Prezident Shavkat Mirziyoev va Abu-Dabi Amirligi valiahdi Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning tor doiradagi uchrashuvi bo'lib o'tdi. Samimiy muloqot chog'ida siyosat, investitsiya, xavfsizlik sohalari yuzasidan fikr almashildi. Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, energetika va infratuzilma yo'nalishida qo'shma loyihalarni ishlab chiqish, fan-texnologiya va ta'lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalarga ham to'xtalib o'tildi.

Manba: O'za.