"O'zkimyosanoat" AJ

O'zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi yakunlari to'g'risida

// 06 March 2015 yil
https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news-uzbekistan/uzbekiston-respublikasi-delegaciyasining-birlashgan-arab-amirliklariga-tashrifi-yakunlari-tugrisida

Joriy yilning 1-3 mart kunlari O'zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha Hukumatlararo komissiyaninig ikkinchi yig'ilishida ishtirok etish uchun Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri E.G'aniev boshchiligidagi O'zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Abu–Dabi shahriga tashrif buyurdi.

Yig'ilishda  BAA delegatsiyasiga iqtisodiyot vaziri Sulton Al-Mansur boshchilik  qildi. Delegatsiya tarkibini tashqi ishlar, moliya, suv va atrof-muhitni  qo'riqlash vazirliklari, iqtisodiy rivojlanish va transport departamenti, savdo-sanoat palatasi, mamlakatning yetakchi kompaniya vakillari tashkil etdi.

Yig'ilish kun tartibiga muvofiq ikki tomonlama o'zaro manfaatli bo'lgan savdo-iqtisodiy aloqalarni istiqbolda kengaytirish, tovar aylanmasi hajmini oshirish, O'zbekistonda yuqori texnologik ishlab chiqarishni yaratish bo'yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish, moliyaviy-texnik hamkorlik, transport va turizm sohasidagi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

BAAning yetakchi kompaniyalari bilan investitsiyaviy hamkorlik bo'yicha qo'shma dastur  qabul  qilish va ishbilarmon doira vakillarining o'zaro uchrashuvlarini tashkillashtirish shuningdek, umumiy miqdori 119,5 million dollar bo'lgan moliyaviy va texnik ko'maklashish bo'yicha loyihalarni amalga oshirish borasida kelishuvga erishildi.

Komissiya yig'ilishi doirasida O'zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar investitsiyalar va savdo vazirligi tashqi savdo kompaniyalari va BAA kompaniyalari o'rtasida mahsulotlar yetkazib berish bo'yicha umumiy qiymati 73,9 million dollar bo'lgan eksport shartnomalari tuzildi.

04.03.2015, O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi