"O'zkimyosanoat" AJ

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisi to'g'risida axborot

// 21 April 2014 yil
https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news-uzbekistan/gov20141

2014 yil 18 aprelda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yilning I choragida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari muhokamasiga va shu yil 17 yanvarda respublika Hukumatining majlisida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2014 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim vazifalari va ustuvorliklarini amalga oshirishni baholashga bag'ishlangan majlisi bo'lib o'tdi.

Majlisda iqtisodiyot o'sishining barqaror yuqori sur'atlarini, buning uchun eng avvalo investitsiya iqlimi va tadbirkorlik muhitini tubdan yaxshilash, ishlab chiqarishlarni texnologik jihatdan yangilashni jadallashtirish, mamlakatning eksport salohiyatini mustahkamlash va infratuzilmani jadal rivojlantirish hisobiga mavjud zaxiralar va imkoniyatlarni safarbar qilishni ta'minlaydigan iqtisodiyotni rivojlantirish va modernizatsiyalashning qabul qilingan strategiyasini amalga oshirish ishlarining natijalari har tomonlama ko'rib chiqildi va tanqidiy tahlil qilindi. Shuningdek, aholi bandligi va farovonligi darajasini yanada oshirish masalalari majlis ishtirokchilarining diqqat markazida bo'ldi.

Jahon iqtisodiyoti rivojlanishida muammolar va xavf-xatar mavjudligiga qaramay, 2014 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim vazifalari va ustuvorliklarini izchil va maqsadga yo'naltirilgan tarzda amalga oshirish tufayli O'zbekistonda iqtisodiy o'sishning barqaror yuqori sur'atlarini saqlab qolish, mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalashni yanada chuqurlashtirish ta'minlanayotganligi qayd etildi.

Joriy yilning birinchi choragida mamlakatning yalpi ichki mahsuloti
7,5 foizga o'sdi. Sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 8,9 foizga, qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,2 foizga, xizmatlar ko'rsatish 11,8 foizga ko'paydi. Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi. Inflyatsiya darajasi prognoz parametrlardan oshmadi.

Sanoat tarmoqlarini rivojlantirish ustuvorliklarini amalga oshirish, shuningdek, ichki talabni muvozanatli rag'batlantirish va ichki bozorni raqobatbardoshli mahalliy mahsulotlar va xizmatlar bilan yanada to'liqroq to'ldirish chora-tadbirlari iste'mol mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 12,8 foizga, chakana tovar aylanmasi hajmi 14,3 foizga va xizmatlar ko'rsatish hajmi 9,1 foizga ko'payishiga ko'maklashdi. Sanoat ishlab chiqarishining umumiy hajmida iste'mol mahsulotlari ulushi 2013 yilning birinchi choragidagi 29,5 foiz o'rniga 34,4 foizgacha ko'paydi.

Jismonan sog'lom, ma'naviy yetuk va barkamol o'sib kelayotgan avlodni voyaga yetkazish bo'yicha "Sog'lom bola yili" Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni faol amalga oshirish boshlandi. Ushbu tadbirlarni moliyalashtirishga joriy yilning birinchi choragida barcha manbalar hisobiga qariyb 1 trillion so'm miqdorida mablag' yo'naltirildi.

Majlisning kun tartibidagi masalalarni muhokama qilish davomida “biznes bilan shug'ullan” tamoyili bo'yicha ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga yo'naltirilgan amaliy chora-tadbirlarni tahlil qilish va ishlab chiqishga, ushbu maqsadlarda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni jadallashtirishga, interaktiv davlat xizmatlari ko'rsatish ko'lamlarini kengaytirishga alohida e'tibor berildi. Ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash yuzasidan ko'rilayotgan chora-tadbirlar faqat joriy yilning birinchi choragida kichik biznesning 7,3 mingta yangi sub'ektlarini tashkil etishga ko'maklashganligi qayd etildi. Hisobotlarni aloqaning elektron yo'llari bo'yicha topshirishning yuzma-yuz aloqasiz shakllarini faol joriy etish natijasida bugungi kunda tadbirkorlik sub'ektlari soliq hisobotlarining 95 foizini, statistika hisobotlarining 88,6 foizini elektron shaklda topshirmoqda. Bojxona yuk deklaratsiyalarining 95 foizga yaqini elektron usulda rasmiylashtirilmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” 2014 yil 7 aprelda qabul qilingan Farmonida nazarda tutilgan qo'shimcha dasturiy chora-tadbirlarni amalda bajarish, shu jumladan, yangi imtiyozlar va preferentsiyalarning keng doirasi, har xil litsenziya va ruxsat beruvchi tartib-taomillarning muddatlarini tubdan qisqartirish, soddalashtirish va arzonlashtirish xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, biznesni yuritish, iqtisodiyotga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilash borasida navbatdagi muhim bosqich bo'lishi alohida ta'kidlandi.

Shu munosabat bilan davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajadagi hokimliklar rahbarlari oldiga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko'rsatish bilan bog'liq tartib-qoidalarni yanada takomillashtirish bo'yicha mamlakat Prezidentining
2014 yil 15 apreldagi PQ-2164-son Qarori talablari so'zsiz bajarilishini ta'minlashga doir aniq vazifalar qo'yildi. Litsenziya va ruxsat berish tartib-tamoyillarining elektron shakllariga o'tishni jadallashtirish, shuningdek, ularning sonini va hujjatlarni berish muddatlarini qisqartirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligiga alohida e'tibor qaratildi.

Majlisda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida ishlab chiqarishlarni modernizatsiyalash va texnologik jihatdan yangilashni jadallashtirish, shuningdek, zarar ko'rib ishlayotgan, iqtisodiy nochor va past rentabelli korxonalarni moliyaviy sog'lomlashtirish bo'yicha “yo'l xaritalari”ni amalga oshirish yuzasidan protokol topshiriqlari bajarilishining holati puxta tahlil qilindi. Ko'rilayotgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning birinchi choragida o'zlashtirilgan kapital qo'yilmalar hajmi 12,4 foizga o'sdi. O'zlashtirilgan kapital qo'yilmalar tarkibidagi xorijiy investitsiyalar va kreditlar ulushi 23,3 foizgacha ko'paydi. 510 ta yangi ob'ekt foydalanishga topshirildi, 37 ta yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish tugallandi. Investitsiya faolligining o'sishi qurilish-pudrat ishlari hajmlari
15,5 foizga ko'payishiga ko'maklashdi.

Xo'jalik birlashmalari va yirik korxonalar, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlariga yangi yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni tashkil etish, ishlab turgan quvvatlarni modernizatsiyalash va texnologik jihatdan yangilash, shuningdek, ob'ektlarni belgilangan muddatlarda ishga tushirish bo'yicha investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirishni ta'minlaydigan kompleks qo'shimcha chora-tadbirlarni qabul qilish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

O'zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasiga foydalanilmayotgan yer uchastkalari va ishlab chiqarish maydonlarida yangi zamonaviy korxonalar tashkil etish va tadbirkorlik sub'ektlariga berish uchun ularni puxta xatlovdan o'tkazishni ta'minlash topshirildi. Shu bilan birga, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda zarar ko'rib ishlayotgan, iqtisodiy nochor va past rentabelli korxonalarni moliyaviy sog'lomlashtirish bo'yicha tasdiqlangan “yo'l xaritalari”ni amalga oshirish ustidan ta'sirchan nazoratni ta'minlash topshirildi.

Majlisda mahsulot eksporti hajmlarini ko'paytirish va turlarini kengaytirish, tuzilmasini va sotish bozorlarini diversifikatsiyalash bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligini batafsil tahlil qilishga qattiq e'tibor berildi. Jahon bozorlarida kon'yunktura barqaror emasligiga qaramay, mahalliy eksport qiluvchi korxonalarni qo'llab-quvvatlash va tashqi sotish bozorlarini diversifikatsiyalash yuzasidan ko'rilayotgan chora-tadbirlar joriy yilning birinchi choragida eksport hajmlari 8,4 foizga o'sishini ta'minlaganligi alohida ta'kidlandi. Shu bilan birga, majlis qatnashchilari oldiga mahsulotlar eksporti turlari va hajmlarini kengaytirish, tashqi bozorlarda ularning raqobatbardoshliligini oshirish uchun kompleks amaliy chora-tadbirlar ko'rish vazifasi qo'yildi.

Majlisda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini jadal rivojlantirish, qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo'yicha yakka tartibdagi uy-joylarni sifatli va o'z vaqtida qurishni ta'minlash dasturlari bajarilishi har tomonlama va chuqur tahlil qilindi. Joriy yilning birinchi choragida O'zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiruvchi avtomobil yo'llarini qurish va rekonstruktsiya qilish bo'yicha 63,5 milliard so'mlik ishlar bajarildi. Zamonaviy texnologiyalar bo'yicha keng polosali 150 kilometr tola-optik tarmoqlar yotqizildi.

Majlis qatnashchilarining e'tibori joriy yilda qishloq turar joy massivlarida namunaviy loyihalar bo'yicha 11 mingta yangi shinam uylarni qurish va foydalanishga topshirish, shuningdek, ushbu massivlarda ijtimoiy va bozor infratuzilmasining zamonaviy ob'ektlarini qurish ishlarini jadallashtirish zarurligiga qaratildi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga respublika mintaqalarida iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida qurilish ishlarining o'sib borayotgan hajmlarini hisobga olgan holda 2014 yilda zamonaviy qurilish texnikasi bilan jihozlangan 20 ta kuchli ixtisoslashtirilgan qurilish-pudrat tashkilotlarini tashkil etish uchun zarur chora-tadbirlar ko'rish topshirildi.

Majlisda yangi ish o'rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish, shuningdek, qishloq aholisiga tibbiy xizmat ko'rsatishni yaxshilash bo'yicha hududiy dasturlarning bajarilishi holatini har tomonlama tahlil qilishga alohida e'tibor qaratildi. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan tasdiqlangan 2014 yilda yangi ish o'rinlari tashkil etish va aholi bandligini oshirish dasturi doirasida joriy yilning boshidan boshlab 227,9 mingta yangi ish o'rinlari, ulardan 137 mingtasi yoki 60,3 foizi qishloq joylarda tashkil etilganligi qayd etildi.

Ushbu masalani muhokama qilish mobaynida tasdiqlangan maqsadli parametrlarga muvofiq yangi ish o'rinlarini tashkil etish va hisobga olish ishlarini tashkil etishda kamchiliklarga yo'l qo'ygan bir qancha tumanlar va shaharlar rahbarlarining faoliyati qattiq tanqid qilindi. Barcha darajalardagi hokimliklar, xo'jalik boshqaruvi organlari, korxonalar, tegishli vazirliklar va idoralarning rahbarlari oldiga yangi ish o'rinlari tashkil etish parametrlariga erishishni so'zsiz ta'minlash, shuningdek, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini egallagan mutaxassisliklariga muvofiq ish bilan ta'minlash bo'yicha aniq vazifalar qo'yildi.

Kun tartibidagi masalalar bo'yicha respublika vazirliklari, idoralari, xo'jalik birlashmalari, yirik korxonalar va viloyatlar hokimliklari rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Respublika Hukumati majlisi kun tartibiga qo'yilgan masalalarni muhokama qilish yakunlari bo'yicha 2014 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvor vazifalari bajarilishini ta'minlash bo'yicha amaliy chora-tadbirlar belgilangan tegishli qarorlar qabul qilindi.

O'zA, 18.04.2014 16:04