"O'zkimyosanoat" AJ

Navoiy asarlari hamda ularda qoʻllangan janrlarning umumiy miqdori

https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/manaviyat/ajdodlarga-ehtirom/navoiy-asarlari-janrlarining-umumiy-miqdori

Alisher Navoiydan buyuk meros boqiy qoldi. Koʻp mutaxassislar uning asarlari sonini 30 ga yaqin deb koʻrsatishadi: “Oʻttizga yaqin (?) nazmiy va nasriy asarlarida yigirma olti mingdan ortiq soʻz qoʻllagan ulugʻ shoir adabiy oʻzbek tilining grammatik qurilishi xususida ham eʼtiborga loyiq fikrlarni oʻrtaga tashlagan” (6).

Bu – mantiqqa tamoman zid hisob-kitob. Chunki Iogann Gyote 1680 dan oshiq, Aleksandr Pushkin 826, Sergey Yesenin 527, Mixail Lermontov 400 dan ortiq, Vilyam Shekspir 38 pyesa, 154 ta sonet yozgan.

Nahotki, ulugʻ bobomiz shuncha kam asar bitgan boʻlsa?!

Bu –  “asar” soʻzini toʻgʻri qoʻllamaslikdan kelib chiqqan xato. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” 5 jildligida asli arabcha boʻlgan “asar” kalimasining “alomat”, “belgi”, “nishon” maʼnolarini anglatishi aytilib, uning bir maʼnosi “ijodiy mehnat mahsuli” (1; 105) ekani qayd etiladi. Modomiki, shunday ekan, axir, bor-yoʻgʻi ikki satrdangina iborat fard ham – bir yaxlit asar-ku.

Filologiya fanlari doktori, professor Bahrom Bafoyev jami 24 banddan iborat roʻyxat keltiradi-da, shunday deb yozadi: “Buyuk adibning eski oʻzbek poetik tilida yuqoridagi asarlarida takrorlarsiz jami 26035 ta soʻz uchrashligi maʼlum boʻldi” (2; 93).

Toʻgʻri, bu sanoqdagi “Xamsa”ning 5 dostoni, “Nasoyim ul-muhabbat...”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Tarixi muluki Ajam”, “Mahbub ul-qulub”, “Vaqfiya”, “Muhokamat ul-lugʻatayn”, “Mezon ul-avzon”, “Lison ut-tayr”, “Majolis un-nafois” – haqiqatan ham, asar. Ular 17 ta. Qolgan 7 nomdagi narsa asar emas, toʻplam. Ularning har biri bir nechadan asarni oʻz ichiga qamrab olgan-ku. Bular – “Gʻaroyib us-sigʻar”, “Badoeʼ ul-vasat”, “Navodir ush-shabob”, “Favoyid ul-kibar” devonlari, “Nazm ul-javohir”, “Arbain”, “Munshaot” toʻplamlari.

Agar gap shoirning bir muqovada jamlangan kitoblari haqida borayotgan boʻlsa, ehtimol, 30 tacha boʻlar. Chunki shoirning 9 (muxlislari 1466-yili tuzgan, ilmda “Ilk devon” nomini olgan devon, 1471-yili Sherozda tuzilgan, ilmda “Oqquyunli muxlislar devoni” (qarang: 7), oʻzi tuzgan “Badoeʼ ul-bidoya” va “Navodir un-nihoya” devonlari, “Xazoyin ul-maoniy”ga kirgan “Gʻaroyib us-sigʻar”, “Navodir ush-shabob”, “Badoeʼ ul-vasat”, “Favoyid ul-kibar” devonlari,  va fors-tojik tilidagi “Devoni Foniy”) devoni, tarjima yoʻli bilan yaratilgan 2 sheʼriy toʻplami (“Arbaʼin”, “Nazm ul-javohir”), jami 6 (“Xamsa”ga kirgan “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sabʼayi sayyor”, “Saddi Iskandariy”  hamda  “Lison ut-tayr”) dostoni, 2 (shoirlar haqidagi “Majolis un-nafois” va shayxlar haqidagi “Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat”) tazkirasi, 3 (“Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”) manoqibi, til va adabiyot nazariyasi bilan bogʻliq 3 (“Mufradot”, “Mezon ul-avzon”, “Muhokamat ul-lugʻatayn”) risolasi, yana 3 (“Mahbub ul-qulub”, “Vaqfiya”, “Munshaot”) nasriy-badiiy va ilmiy-tarixiy asari mavjud. Shularni nomma-nom sanasak, haqiqatan ham, 30 ga yaqinlashadi, aniqrogʻi, 29 ta boʻladi.

“Xazoyin ul-maoniy”dagi mavjud toʻrt devonning har birida gʻazalning oʻzidan naqd 650 tadan, jami 2 ming 600 ta bor-ku. “Devoni Foniy”da jami 556 gʻazal mavjud. “Xazoyin ul-maoniy”ga kirmay qolgan gʻazallarini hisobga olmaganda ham, oʻzi devonlariga kiritgan gʻazallarining umumiy soni 3 ming 156 tani tashkil etyapti-ku.

Shoirning oʻzi “Lison ut-tayr”da nazm va nasrdan iborat merosi 100 ming bayt atrofida ekanini aytib oʻtgan:

                  

Nazmu nasrim kotibi taxminshunos

Yozsa, yuz ming bayt etar erdi qiyos (3; 295).

 

Shoir merosi haqida gap ketar ekan, eng muhim ikki jihatni alohida qayd etib oʻtish lozim.

Birinchidan, boshqa shoir va yozuvchilarimizga qaraganda, Navoiyning oʻzi merosini puxta-pishiq holda tartibga solib, kitobat qildirib, kelajak avlodlarga qoldirib ketgan. Chunki umrining oxirlarida yozilgan “Muhokamat ul-lugʻatayn”da oʻzi sanagan asarlaridan bizgacha yetib kelmagani yoʻq.

Ikkinchidan, buyuk mutafakkirning butun merosi 1987 – 2003-yillar mobaynida “Fan” nashriyotida 20 jild sifatida toʻliq chop etildi.

Modomiki, bugun qoʻlimizda ulugʻ shoir va mutafakkir asarlarining mukammal nashri mavjud ekan, nega uning asarlari sonini aniq qilib koʻrsatish mumkin emas?!

Juda mumkin-da. Keling, bu ishni orqaga tashlamaylik-da, hozirning oʻzida masalani hal qilib qoʻya qolaylik.

20 jildning birinchi va ikkinchi jildlaridagi lirik asarlarning hammasi – 3 – 6-jildlarni tashkil etgan “Xazoyin ul-maoniy”ga kirgan toʻrt devonda bor. Shuning uchun sanoqni 3-jilddan boshlaymiz:

3-jild: “Gʻaroyib us-sigʻar” – 650 gʻazal, 1 mustazod, 3 muxammas, 1 tarjiʼband, 1 masnaviy, 50 qitʼa, 133 ruboiy, yaʼni jami – 839 asar.

4-jild: “Navodir ush-shabob” – 650 gʻazal, 1 mustazod, 3 muxammas, 1 tarjiʼband, 1 tarkibband, 50 qitʼa, 52 muammo, yaʼni jami –758 asar.

5-jild: “Badoeʼ ul-vasat” – 650 gʻazal, 1 mustazod, 2 muxammas, 2 musaddas, 1 tarjiʼband, 1 qasida, 60 qitʼa, 10 chiston (lugʻz), 13 tuyuq, yaʼni jami –740 asar.

6-jild: “Favoyid ul-kibar” – 650 gʻazal, 1 mustazod, 2 muxammas, 1 musaddas, 1 musamman, 1 tarjiʼband, 1 soqiynoma, 50 qitʼa, 86 fard, yaʼni jami –793 asar.

7-jild: “Xamsa”dagi “Hayrat ul-abror” dostoni, yaʼni 1 asar.

8-jild: “Xamsa”dagi “Farhod va Shirin” dostoni, yaʼni 1 asar.

9-jild:  “Xamsa”dagi  “Layli va Majnun” dostoni, yaʼni 1 asar.

10-jild: “Xamsa”dagi “Sabʼayi sayyor” dostoni, yaʼni 1 asar.

11-jild:  “Xamsa”dagi “Saddi Iskandariy” dostoni, yaʼni 1 asar.

12-jild: “Lison ut-tayr” dostoni, yaʼni 1 asar.

13-jild: “Majolis un-nafois” tazkirasi, yaʼni 1 asar.

14-jild:  “Mahbub ul-qulub”, “Munshaot” toʻplami (har biri alohida-alohida bitilgan 103 maktub), “Vaqfiya” asarlari, yaʼni jami – 105 asar.

15-jild: “Xamsat ul-mutahayyirin” manoqibi, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad” holotlari, “Nazm ul-javohir” toʻplami (255 ruboiy), yaʼni jami – 258 asar.

16-jild: “Muhokamat ul-lugʻatayn”,  “Mezon ul-avzon”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Tarixi muluki Ajam”, “Arbaʼin” (40 qitʼa),  “Siroj ul-muslimin”, “Munojot”, “Risolai tiyr andoxtan” (bu risola usluban Alisher Navoiy  yozgan asarga mutlaqo oʻxshamaydi, shuning uchun uning shoir asarlari sirasiga kiritilgani – bahsli) asarlari, yaʼni jami – 47 asar.

17-jild: “Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat” tazkirasi, yaʼni 1 asar.

18-jild: “Devoni Foniy” (boshlanish qismi) – 270 gʻazal.

19-jild: “Devoni Foniy” (davomi) – 286 gʻazal.

20-jild: “Devoni Foniy” (davomi) – 1 musaddas, 1 marsiya, 64 qitʼa, 72 ruboiy, 16 taʼrix, 266 muammo,  9 lugʻz (chiston) (Bu hisob-kitoblar “Devoni Foniy”da jami  985 asar borligini koʻrsatyapti); “Sittai zaruriya” toʻplami (6 qasida – “Ruh ul-quds”, “Ayn ul-hayot”, “Tuhfat ul-afkor”, “Qut ul-qulub”, “Minhoj ul-najot”, “Nasim ul-xuld”), “Fusuli arbaa” toʻplami (4 qasida – “Saraton”, “Xazon”, “Bahor”, “Day”),  “Mufradot” asari, yaʼni jami –  440 asar.

Shunday qilib, Alisher Navoiyning oʻzi kitoblariga kiritgan asarlari umumiy soni 4 ming 544 (1 asarni u yozgani bahsli ekani hisobga olinsa, 4 ming 543) tani tashkil etadi.

“Mukamaal asarlar toʻplami”ning 20-jildiga “Rasmiy devonlarga kirmagan sheʼrlar” ham berilgan. Ularning soni quyidagicha: 35 gʻazal, 4 qitʼa, 1 marsiya, 1 taxmis, bulardan tashqari, turli manbalarda Alisher Navoiyga nisbat berilgan 14 bayt ilova qilingan. Agar bu ilovalardagi faqat bitgan 41 asarnigina qoʻshganda ham, umumiy raqam 4 ming 585 tani tashkil etadi.

Demak, ishonch bilan ayta olamizki, Alisher Navoiy 60 yilga yaqin umri mobaynida  4 mingu 585 ta asar yaratgan!

Bu yerda kelajakda aniqlik kiritilishi zarur boʻlgan ikki nozik nuqta – bor. Birinchisi – shuki, “Nazm ul-javohir”dagi sheʼrlar – arabiydan, “Arbain”dagi sheʼrlar – forsiydan tarjima qilingan asarlar. Ammo navoiyshunosligimizda hali ular qay darajadagi yoki qaysi tipdagi tarjimalar ekani ilman aniqlashtirib   berilganicha – yoʻq. Ikkinchisi – shuki, bu sohibi qalamning nasr va nazm aralash qilib bitilgan asarlaridagi sheʼriy parchalarni ham alohida, yaʼni mustaqil asarlar hisoblash mumkinmi yoki yoʻqligiga aniqlik kiritish – lozim. Qizigʻi, ular orasida ham birovlarning yo nazmiy, yo nasriy fikrlarini sheʼrga solish hodisasi – bor. Bu sheʼriy parchalarga asos boʻlgan manbalarning katta qismi esa yo arabiy, yo forsiy matn boʻlgan. Demak, bu yerda ham tarjimaviylik hodisasi yuz bergan.

Hozircha, biz bu sheʼriy parchalarni mustaqil asarlar tarkibiga kiritmadik.

Insonning tabiati – qiziq, hammaning xotirasi ham unchalar ishonchli boʻlavermaydi. Agar, mabodo, birovga ikkita maʼlumot aytsangiz-u, keyin tekshirib koʻrsangiz, ana shu ikki axborotdan bittasi bu odamning yodida mustahkam qoladi-yu, u ikkinchisini unutadi. Xoʻsh, qaysi biri esda qoladi? Muayyanrogʻi. Qanday maʼlumot muayyan hisoblanadi? Avvalo, raqami bori.

Deylik, Toshkentdan Buxoroga avtomobilingizda joʻnayapsiz. Yoʻl-yoʻlakay Samarqandda – Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi bekatida bir ogʻayningiz siz bilan koʻrishib, kitobini berib yubormoqchi. Unga qoʻngʻiroq qilib, ikki maʼlumotdan iborat axborotni yetkazasiz:

– Soat beshlarda Samarqanddan oʻtsak kerak. Bulungʻurga borganimizda yana qoʻngʻiroq qilaman, – deysiz. Maqsadingiz – aniq: birodaringiz bir daqiqa ham ovora boʻlmasin, Bulungʻurga yetganda u uyidan chiqsa ham, bemalol oʻz vaqtida bekatga boradi.

Ana, koʻrasiz, birodaringiz besh deganda bekatda boʻladi. Chunki u ikki axborotdan ichida raqami borligini qattiq “tutib” oldi, ikkinchi axborot bilan hisoblashib ham oʻtirmadi. Holbuki, siz Gʻallaorolda toʻxtab, bemalol bir soat ovqatlandingiz, Mirzo Ulugʻbek bekatiga moʻljalingizdagi beshlarda emas, oltidan ham oʻtganda yetib keldingiz, deylik. Ogʻayningiz qor yogʻib turgan sovuq havoda naqd bir yarim soat tik turib sizni kutdi. Ayb – oʻzida: “Alloh”ini eshitgan-u, “-berdi”sini eshitmagan. 

Muqaddas dinimizdagi aqida shundayki, Allohning sherigi – yoʻq. Qozi bir mahbusdan:

Holbuki, bu kimsaning oti “Allohberdi” ekan. “...Berdi”sini aytib ulgurmabdi badbaxt.

Gapni bunchalar uzoqdan olib kelayotganimizning sababi – bor.

Navoiy lirikasini tadqiq qilgan Yoqubjon Isʼhoqov shoirning “Xazoyin ul-maoniy”ga kirgan 4 devonida jami 16 lirik janrga oid sheʼrlarini kiritganini qayd etgan (4; 10). Shu-shu koʻplar matbuot, radio va televideniye orqali chiqishlarida, turli uchrashuvlarda ziyolilar bilib-bilmay: “Navoiy 16 janrda ijod qilgan”, – deydigan boʻlib qoldi. Birgina misol bilan cheklanamiz: “Alisher Navoiy 16 ta adabiy janrda ijod qilgan” (8). Bu jumladagi “adabiy” soʻzi oʻrniga “lirik” soʻzi qoʻllansa edi, fikr toʻgʻri boʻlar edi.

Shu axborotni gazeta yoki jurnalda oʻqisangiz ham, radio yoki televideniye orqali eshitsangiz ham, uning mutlaqo xato ekanini muallif yoki soʻzlovchiga ham, eng yomoni ming-ming oʻquvchi yoki tinglovchiga ham ayta olmaysiz. Oqibatda oʻqiganlaru eshitganlar ongida shu asossiz fikr muhrlanib qolaveradi. Bu xatoni tuzatish – kerak.

Keling, yaxshisi, Alisher Navoiy aynan nechta janrda asarlar yaratganini aniqlashtirib olaylik. Axir, bu masalani aniq-tiniq aniqlash uchun qoʻlimizda uning “Mukammal asarlar toʻplami” – bor, demak, sanash unchalar mushkul ish emas.

“Xazoyin ul-maoniy”ga kirgan devonlardagi jami 16 janr – quyidagilardan iborat: gʻazal,  mustazod,  muxammas,  tarjiʼband, (lirik) masnaviy, qitʼa, ruboiy, tarkibband, muammo, musaddas, qasida, chiston (lugʻz), tuyuq, musamman,  soqiynoma,  fard. Bu sanoqda janrlarni “Xazoyin ul-maoniy” devonlarida uchragan tartib boʻyicha keltirdik.

Maʼlumki, shoir fors-tojik tilida “Foniy” taxallusi bilan bitilgan lirik asarlarini “Devoni Foniy”ga jamladi. Bu toʻplamda “Xazoyin ul-maoniy”ga kirgan devonlarda uchramaydigan 2 ta lirik janr mavjud. Bular – marsiya bilan taʼrix. 

Shuning uchun, Navoiy turkiy va forsiy tilda jami 18 lirik janrda ijod qilgan, deb hisoblashimiz zarur.

19-janr – debocha. Shoir oʻzi tuzgan dastlabki devon boʻlmish “Badoyiʼ ul-bidoya”ga hamda “Xazoyin ul-maoniy”ga alohida-alohida “Debocha”lar bitadi.  

20-janr – munojot. Ulugʻ mutafakkirning navoiyshunoslikda “Munojot” nomi bilan mashhur boʻlgan  ixcham nasriy asari janrini shunday belgilash mumkin. Aslida, Navoiy lirik asarlari orasida ham munojot-gʻazal, munojot-ruboiy va boshqalar bor, olti dostoni boshlanish qismlarida ham munojot boblar mavjud. Lekin ilmda dastlab shoirning oʻzi tuzgan “Kulliyot”i uchun maxsus soʻzboshi sifatida yozilgan deb qaralgan, keyinroq esa  Allohga tavba-tazarru va iltijolar qilish ilinjida maxsus bitilgan asar sifatida baholangan bu nasriy asar janrini “munojot” belgilashdan boshqa yoʻl yoʻq qolmadi.

21-janr – doston. “Xamsa”dagi  besh asar (“Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sabaʼyi sayyor”, “Saddi Iskandariy”) hamda “Lison ut-tayr”  – doston. Ularni “masnaviy” deb atash ham rasm boʻlgan. Biroq biz bugun “Xazoyin ul-maoniy”da ham juftqofiyaga asoslangan baytlardan iborat 1 lirik masnaviy, yaʼni Navoiyning ustozlaridan biri Sayyid Hasan Ardasherga yoʻllagan sheʼriy maktubi oʻrin olgan. Agar keyin sanaganimiz olti liro-epik asarni ham “masnaviy”  desak, ularni lirik masnaviy bilan bir janr deb hisoblashimizga toʻgʻri keladi va bu ilman xato boʻlur edi. Shuning uchun biz bu olti asar janrini “doston” deb hisoblash tarafdorimiz. Bu olti dostonga nisbatan “masnaviy” atamasini ham qoʻllashga hech kim qarshi emas. Ammo bu janrni emas, sheʼriy shaklni bildirib kelishini unutmaslik kerak. Janrni belgilashda esa, shakliy xususiyatlardan tashqari, mazmun jihati ham jiddiy hisobga olinadi.

22-janr – tazkira. Navoiy 2 ta tazkira yaratgan. “Majolis un-nafois”  – shoirlar va  “Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat” – shayx-avliyolar haqidagi tazkira.

23-janr – ijtimoiy-publitsistik pandnoma.  “Mahbub ul-qulub” – shu janrda bitilgan. Pandona yoʻnalishiga koʻra, u tip jihatidan Kaykovusning “Qobusnoma”, Saʼdiyning “Guliston”, Jomiyning “Bahoriston” asarlariga oʻxshasa ham, bunda ijtimoiy-publitsistik ruh ustunlik qiladi. Shuning uchun uning janri shu tarzda belgilandi.

24-janr – maktub (insho). “Insho” soʻzining tilimizda taʼlim jarayonida biron-bir mavzuda bitiladigan ijodiy ishni anglatishini ham hisobga olsak, bu janrni ifodalashda “maktub”  istilohi maʼqulroqdek koʻrinadi. Shoirning oʻzi turli zamondoshlariga bitgan  103 maktubini “Munshaot” nomi bilan alohida toʻplam qilgan.

25-janr – holot-manoqib. “Xamsat ul-mutahayyirin” manoqibi, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad” holotlari shu toifaga kiradi. Muayyan bir tarixiy shaxs haqida bitilgan bu uch asar musulmon Sharqi adabiyotidagi anʼanaviy manoqiblarga aynan oʻxshamaydi. Shuning uchun ulardan ikkitasi nomiga muallifning oʻzi “holot” soʻzini qoʻshgan.  Lekin ularda manoqiblik xususiyatlari ham yoʻq emas. Shularni hisobga olganda, bu janrni, shartli ravishda, “holot-manoqib” deb atadik.

26-janr – ilmiy risola. Ikki (forsiy va turkiy) til qiyosi va turkiy til fazilatlari xususidagi “Muhokamat ul-lugʻatayn”, aruz vazni nazariyasiga bagʻishlangan “Mezon ul-avzon” hamda  fors-tojik tilida yozilgan muammo janri nazariyasidan iborat “Mufradot” asari aynan shu janrning tipik namunalari hisoblanadi.

27-janr – tarixiy risola. Aslida, tarix ham ilm va Navoiyning  “Tarixi anbiyo va hukamo” hamda “Tarixi muluki Ajam” asarlarini ham ilmiy risolalar tarkibiga kiritish mumkindir. Biroq bu yerda tarix buyuk badiiy qalam sohibi tarafidan bitilgan. Shuning uchun unda voqea-hodisalar bayoni oddiy ilmiy tarixlardan keskin farq qiladi. Shuning uchun  bu ikki asar janrini  “tarixiy risola” tarzida belgilash lozim koʻrildi. Nomlaridan ham anglashilib turganidek, “Tarixi anbiyo va hukamo”da paygʻambarlar va hakimlar, yaʼni faylasuf donishmandlar hayoti haqida maʼlumotlar berilib, ularning eʼtiborli soʻzlaridan namunalar keltiriladi hamda “Tarixi muluki Ajam”da  esa Eron podshohlari tarixi yoritiladi, bu tarix muayyan tizimga solinadi. Bu ikki asarini Navoiyning oʻzi bir umumiy nom ostida biriktirib, “Zubdat ut-tavorix” deb ham ataydi (qarang: 5; 26). 

28-janr – vaqfnoma. Navoiyning 40 yoshida, yaʼni 1481-yili bitgan “Vaqfiya” asari janri shu tarzda belgilandi. Chunki bu asar shu qadar oʻziga xoski, mohiyatan uni boshqa janrga qoʻshib boʻlmaydi.

29-janr – nazmiy risola. “Siroj ul-muslimin” asarini shunga kiritish kerak.  Chunki bu asar amalda shariat tartib-qoidalari haqidagi risola. Faqat u nazmiy yoʻl bilan bitilgan, xolos. Bu asarda nazm bor, lekin u sheʼr emas. Sheʼrda shuur boʻlishi – kerak.

 30-janr – nazmiy tarjima. “Arbaʼin”  bilan  “Nazm ul-javohir”ni shu toifaga kiritish kerak. Hazrat Abdurahmon Jomiy Muhammad(s. a. v.)ning  40 hadisini tanlab, fors-tojik tilida nazmiy yoʻl bilan 40 qitʼa tarzida qayta yaratadi. Navoiy piri va ustozidan ruxsat soʻrab, shu nazmiy matnni oʻzbek tiliga tarjima qiladi. “Nazm ul-javohir”ning yuzaga kelishi ham shunga oʻxshaydi. Undagi 255 ruboiy chahoryorlardan biri, toʻrtinchi xalifa boʻlmish Hazrat Alining hikmatli soʻzlari asosida bitilgan.

31-janr – taxmis. Aslida, “muxammas” va “taxmis” soʻzlari bir maʼnoni, yaʼni har bandi besh misradan tashkil topgan, qofiyalari aaaaa, bbbba, vvvva va hokazo tarzda boʻlgan lirik janrni bildiradi. Biroq hozirgi adabiyotshunosligimizda bu janrning bir muallif tarafidan bitilgan ohoriy (original) namunalarini “muxammas”, bir muallifning gʻazali baytlari oldidan oʻsha misralarga shaklan va mazmunan mos ravishda 3 satrdan qoʻshish asosida bitilgan namunalari esa “taxmis” deyish rasm boʻla boryapti. Shunga koʻra, biz ham taxmisni alohida janr sifatida ajratdik. Navoiy ijodida taxmisning 2 tagina namunasini uchratamiz. Birinchisi – “Xazoyin ul-maoniy”ning ikkinchi devoni boʻlmish “Navodir ush-shabob”dagi Lutfiyning:

 

                   Koʻkdadur har dam figʻonim koʻrgali sen mohni,

                   Daʼviyi mehringga tonuq tortadurmen ohni, –

 

deb boshlanadigan gʻazaliga bogʻlangan. Ikkinchisi “Mukammal asarlar toʻplami”ning 20-jildi “Rasmiy devonlarga kirmagan sheʼrlar” qismida berilgan Husayniyning:

 

                   Gʻunchayi xandon borib, koʻnglumda qoldi xor-xor,

                   Tinmagʻur jonimgʻa onsiz dunyada bori ne bor?! –

 

matlasi bilan boshlanadigan gʻazaliga bogʻlangan  taxmis.

20 jildlik “Mukammal asarlar toʻplami”ga kiritilgan “Risolayi tiyr andoxtan” asarining tili va uslubi tahlili uning Navoiy qalamiga mansub ekaniga shubha tugʻdiradi uchun uning janrini belgilashga urinib oʻtirilmadi.

Shunday qilib, Alisher Navoiy butun ijodida jami 31 adabiy-ijodiy janrda asar yaratgani  ayonlashdi.

Shuning oʻzi ham – baʼzi olimlarimiz oʻylamay-netmay keltirgan raqamdan ikki barobar koʻp.

Sultonmurod OLIM,

filologiya fanlari nomzodi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti v. b., Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:

 

Kitoblar:

 

  1. Oʻzbek tilining izohli lugʻati. 5 jildlik. J. 1. – Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi,  2006. 
  2. B a f o ye v  B. Navoiy ummonidan dur izlab... – Buxoro: Buxoro, 2022.
  3. Alisher  N a v o i y. Mukammal asarlar toʻplami.  20 tomlik. T. 12. – Toshkent: Fan, 1996.
  4. I s h o q o v   Yo. Navoiy poetikasi. – Toshkent: Fan, 1983.

5.  Alisher  N a v o i y.  Mukammal asarlar toʻplami. 20 tomlik. T. 16. – Toshkent: Fan, 2000.

 

 

Jurnal va gazetalar:

 

6.  D a d a b o ye v   H. Buyuk tilshunos. // Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati, 2016-yil, 5-fevral.

  1. “Oqquyunli muxlislar devoni”ning Tokio nashri (Adabiyotshunos Aftondil Erkinov bilan jurnalist Mahmud Saʼdiy suhbati). // Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati, 2016-yil, 5-fevral.
  2. S a t t o r o v  Sh. Mir Alisher Navoiy haqida 15 maʼlumot, 10 hikmat va bir rivoyat. // Janob, 2017-yil, 1-son.