"O'zkimyosanoat" AJ

“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati va tarmoq korxonalari Komplayens xizmatlari tomonidan 2023-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/anticorruption/report/report-202301

Bugun bo‘lib o‘tgan hisobot yig‘ilishida jamiyat va  tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga muvofiq “O‘zkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida  korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining “E-Anticor.uz” elektron platformasiga joylashtirilgan.

Natijada, ushbu baholash reyting tizimida “O‘zkimyosanoat”AJning mazkur sohadagi faoliyati 89 ball bilan “yaxshi” deb baholandi. 3-4 avgust kunlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashabbusi bilan xorijiy va mahalliy ekspertlar hamda davlat idoralari va tashkilotlarining ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari ishtirokida  “Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaning oldini olish va “komplayens-nazorat” tizimini samarali joriy etish” mavzusida o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi. Unda tadbir qatnashchilariga “O‘zkimyosanoat” AJning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi erishgan yutuqlari va ijobiy tajribasini ommalashtirish borasida ma’ruza qilindi.

Joriy yilning hisobot davrida “CERT International” xalqaro sertifikatlash kompaniyasi tomonidan “Navoiyazot” AJ, “O‘zkimyoimpeks” hamda “Qizilqum fosforit kompleksi” MCHJlarning  korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi auditdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Mazkur korxonalarga korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizm samarasini tasdiqlovchi ISO 37001:2016 muvofiqlik sertifikatlari topshirildi.

Hisobot davrida jamiyat va tarmoq korxonalaridagi korrupsion jinoyatlar, noqonuniy o‘zlashtirish, rastrata, o‘g‘irlik, kamomad, qo‘shib yozish va boshqa qonunbuzilishlar bo‘yicha jami 54 ta holat aniqlandi va ular bo‘yicha tegishli tartibda xizmat tekshiruvlari o‘tkazildi.

 Yuqoridagi qoidabuzarliklar bo‘yicha 23 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortildi, 57 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 120 nafar mas’ul xodimlarga turli intizomiy jazolar qo‘llanildi.

2023-yilning 1-yarim yilligida “O‘zkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida aniqlangan korrupsion harakatlar, korxona mablag‘larining talon-taroj qilinishi oqibatida tizimga jami 14,8 mlrd.so‘mlik zarar yetkazilganligi qayd etildi. Shuningdek, o‘tgan hisobot davrida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida yetkazilgan jami zararning 9,6 mlrd.so‘mdan ko‘prog‘i undirilishi ta’minlandi. 

Jamiyat va tarmoq korxonalarida sohaga oid qabul qilingan “Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish siyosati” talablariga muvofiq xizmat vazifasiga ko‘ra korrupsiyaviy xavf-xatarlar ehtimoli yuqori va o‘rta bo‘lgan 8734 nafar xodimlar manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi yoki mavjud emasligi to‘g‘risidagi deklarasiyalarni to‘ldirishdi.

Ushbu deklaratsiyalar tahlil qilinganda, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 85 ta mas’ul xodimlarda real manfaatlar to‘qnashuvi holati, 122 ta holatda esa ehtimoliy (potensial) manfaatlar to‘qnashuvi holati mavjudligi aniqlandi.

      Xaridlarni tashkil etish sohasida, shartnomalarni rasmiylashtirish jarayonlarida asosan raqobat muhitini cheklash, ishtirokchilarning til biriktirishlari, baholash mezonlariga amal qilmaslik kabi shubhali shartnomalar rasmiylashtirilishining oldini olingan. Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida jami 5,9 mlrd.so‘mlik pul mablag‘larining asossiz sarflanishining oldini olinib, iqtisod qilingan.