"O'zkimyosanoat" AJ

“Oʻzkimyosanoat” AJning korrupsiya faktlariga doir murojaatlarni koʻrib chiqish natijalari haqidagi yillik hisoboti

https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/anticorruption/report/report-2022

2022-yil davomida “Oʻzkimyosanoat” AJga 27 ta korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida murojaatlar kelib tushgan.

Ularning 8 tasi ishonch telefoni, 8 tasi Prezident virtual qabulxonasi, 1 tasi Xalq qabulxonasi va 10 tasi jamiyatning pochta manzili orqali kelib tushgan. Murojaatlar hududlar kesimidagi tahlili shuni koʻrsatdiki, 5 tasi Qashqadaryo viloyati, 7 tasi Navoiy viloyati, 2 tasi Fargʻona viloyati, 2 tasi  Toshkent viloyati, va 1 tasi Qoraqalpogʻiston Respublikasida yashaydigan fuqarolardan yuborilganligi maʼlum boʻlgan.

Barcha murojaatlar tegishliligi boʻyicha “Oʻzkimyosanoat” AJ Komplayens xizmati hamda tizim korxonalari Komplayens xizmati xodimlari bilan hamkorlikda oʻrganib chiqilgan.

Aloqa kanallari orqali kelib tushgan murojaatlarning oʻrganishlari natijasida 12 ta holatda toʻplangan hujjatlar holatlariga huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi, 4 ta murojaatlarda manfaatlar toʻqnashuvi holatlari mavjudligi oʻz tasdigʻini topganligi munosabati bilan faoliyat yuritayotgan xodimlar bilan mehnat shartnomalarini bekor qilish choralari koʻrilgan va 5 ta holatda  mansabdor shaxslarga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllanilgan.

Misol uchun, Fargʻona shahrida yashovchi fuqaro M.M. tomonidan kelib tushgan murojaat asosida “Fargʻonaazot” AJning Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlimi xodimi G.R.ning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilib, xizmat tekshiruvi xulosasiga asosan xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Shuningdek, mazkur boʻlimdagi xizmat vazifalarini toʻlaqonli bajarmagan 4 nafar xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllanildi.

Navoiy viloyatida yashovchi fuqaro Sh.R.ning murojaati asosida “Navoiyazot” AJning 56-sex xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilib, sex balansida boʻlgan 182 dona 25,9 mln.soʻmlik alyumin plitkalari talon-taroj qilinganlik holati oʻz tasdigʻini topganligi sababli toʻplangan hujjatlar tegishli tartibda Navoiy shahar IIBga yuborilib, oqibatda tegishli tartibda Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, sudning hukmi bilan jazo muqarrarligi taʼminlangan.

“Navoiyazot” AJning bir guruh xodimlarining jamoaviy murojaatlari asosida “Oʻzkimyosanoat” AJning Komplayens xizmati tomonidan joyiga chiqqan holda xizmat tekshiruvi oʻtkazilib, “Navoiyazot” AJning masʼul xodimi S.E. oʻz mansab vakolatidan foydalanib, hujjatlarni soxtalashtirgan holda xizmat safarlari, ish haqlari, transport vositalari xarajatlari, ijara haqi toʻlovlari va mukofot pullarini (jami 591,5 mln. soʻm) noqonuniy oʻzlashtirganlik holati oʻz tasdigʻini topgan, holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun prokuratura idorasiga yuborilgan. Prokuratura idoralari tomonidan jinoyatni sodir etgan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167- va 205-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilgan.

Yuqorida taʼkidlab oʻtilgan korrupsion va boshqa qonunbuzilish holatlarining kelib chiqish sabab va omillari tahlil qilinib, mavjud korrupsion xavf-xatarlarni minimallashtirish boʻyicha chora-tadbirlarning 2023-yilgi rejasi tasdiqlandi. Shuningdek, kelib tushgan murojaatlarni oʻrganish natijasida aniqlangan holatlarning salbiy oqibatlari, zavod va korxonalardagi mansabdor shaxslarning javobgarligi masalasini kuchaytirish mavzularida “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi rahbarligida jamiyat shaxsiy tarkibi va tarmoq korxonalari rahbarlari ishtirokida profilaktik suhbat va seminar tadbirlari oʻtkazilgan.