"O'zkimyosanoat" AJ

“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha murojaati

https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/anticorruption/message/chairman-message-anti-corruption

Hurmatli hamkasblar va hamkorlar!

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qoʻyishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.

Mamalakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmon va qarorlari asosida korrupsiyaga qarshi preventiv mexanizmlarni qoʻllash ustuvorlik kasb etayotganligi hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlashga qaratilgan aniq choralarning belgilab berilganligi muhim ahamiyatga egadur.

Birgina joriy yil dekabr oyida BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha boshqarmasi koʻmagida oʻtkazilgan Shayx Tamim Bin Hamad Ol Soniy tomonidan taʼsis etilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro yuksak mukofoti”ni topshirish marosimining Toshkent shahrida boʻlib oʻtishi mazkur sohada mamlakatimizda olib borilayotgan amaliy ishlarning pirovard natijasi ekanligini koʻrsatdi.

Maʼlumki, korrupsiyaga qarshi samarali kurashishda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir aniq-chora tadbirlarni belgilash, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash, ularga chek qoʻyish, korrupsiyaga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish, huquqbuzarliklarni sodir etganligi uchun javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash kabi vazifalarni bajarish ustuvor hisoblanadi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ tizimida yuqoridagi kabi chora-tadbirlarni belgilash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmini takomillashtirish maqsadida bir qator ichki meʼyoriy hujjatlar va tartib-qoidalar ishlab chiqildi.

Xususan, Jamiyatda “Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati”, “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish toʻgʻrisida”gi nizom, “Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti”, Jamiyat xodimlarining “Odob-axloq qoidalari” va boshqa shu kabi 10 ga yaqin ichki idoraviy hujjatlar qabul qilindi.

Shuningdek, Jamiyat xodimlarining korrupsion harakatlari yuzasidan xabar berishga moʻljallangan aloqa kanallari tashkil etilib, ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tashkilotning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoq kanallarida ochiq joylashtirildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda “Oʻzkimyosanoat” AJ oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum, shuningdek, 2023-yilda tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashishda ustuvor vazifalarga oid chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, tizim xodimlari orasida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishga oid bir qator amaliy ishlar qilindi.

Oʻz navbatida, “Oʻzkimyosanoat” AJ korrupsion harakatlarning har qanday shakl va koʻrinishlarini rad etadi, Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan keskin murosasizlik shakllanishini taʼminlaydi, tizimda korrupsiyaning oldini olish va uning kelib chiqish sabablarini bartaraf etishga oid amaliy ishlarni olib boradi hamda qonun hujjatlariga qatʼiy rioya qilishga, halollik, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratadi.

Har birimiz bu ishda nafaqat mamlakatimizda qabul qilingan qonunchilik hujjatlariga ongli ravishda rioya qilishimiz, balki bu ishga insoniylik burchimiz sifatida qarashimiz zarur.

Fursatdan foydalanib, hamkasblarimiz, hamkorlarimiz va yurtdoshlarimizni ish yuritish standartlariga amal qilishga, korrupsiyaga qarshi mavjud qonunchilik normalariga ogʻishmay rioya etishga, har qanday korrupsion, manfaatlar toʻqnashuvi va qonunbuzilish holatlari haqida oʻz vaqtida tezkorlik bilan xabar berishda hamjihatlikka chaqiraman.

Hurmat bilan,

“Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi