“O`zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatining rasmiy bayonoti

// 26 October 2021 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (120.07 KB)

“O`zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tashkilot tizmidagi “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan bog`liq kun.uz internet nashridagi “Zaharlangan Zarafshon” sarlavhali maqolasida keltirilgan maʼlumotlar atroflicha o`rganib chiqilib quyidagilarni maʼlum qiladi.

“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan atmosferaga tashlanadigan tashlamalar, oqova suvlar tashlamalari meʼyorlariga rioya qilish hamda oqova suvlarni tozalash inshootlarining ishlash samaradorligi muntazam nazorat qilib kelinadi.

Lavhada “Navoiyazot” АJdan “mana shu zavoddan chiqayotgan barcha kimyoviy elementlar birinchi qudug`i” jumlasi noto`g`ri maʼlumot hisoblanadi. Chunki bu quduqdan “Navoiyazot” АJning barcha oqava suvlari chiqarilmaydi, aksincha bu quduqdan faqat yomg`ir suvlari hamda sovutish tizimlaridan zararli bo`lmagan suvlar tashlanadi.

“Navoiyazot” АJ asosiy ishlab chiqarish qurilmalaridan xosil bo`ladigan sanoat va maishiy oqova suvlari Biokimyoviy tozalash inshootida tozalanadi va quduqga emas, balki kollektor orqali Zarafshon daryosiga tashlanadi. Qattiq holatdagi ifloslantiruvchi moddalar shlamonakopitelga yuboriladi. Shu o`rinda takror bo`lsa-da taʼkidlab o`tish lozimki, biokimyoviy tozalash inshootiga keladigan oqova suvlarining 81 foizini Navoiy shahri va boshqa sanoat korxonalari oqova suvlari tashkil qiladi.

Lavhada ko`rsatilgan “suvga zaharli moddalarni oqizish” kabi ayblovchi xulosalarni noto`g`ri deb hisoblaymiz. Korxonaning oqova suvi sifatining dinamikasi keskin o`zgarishlarsiz va “zaharli” moddalar mavjud emas. Oqova suvi tarkibidagi xlorid, mis, azot moddalari 3-4 xavf toifasiga kiradi. Viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi masʼul xodimi tomonidan aytilgan nitrat kislotasi suvga tashlanmaydi. Suvda kislota borligini рН ko`rsatgichi bildiradi. Tahlil natijalari shuni ko`rsatdiki, “Navoiyazot” АJ oqava suvlari рН ko`rsatgichi hech qachon meʼyordan oshmagan. Xloridlar miqdori ruxsat etilgan normadan, yaʼni 300 mg/m3 miqdordan oshmagan va misning miqdori ham ruxsat etilgan normaga (0,001 mg/m3) yaqin bo`lgan.

Lavhada ko`rsatilgan suvdagi maishiy chiqindilar ham “Navoiyazot” AJga tegishli emas, aksincha mahalliy aholi tomonidan tashlanadigan suvlar hisoblanadi. Quyidagi rasmda (lavhadan olingan) “Navoiyazot” AJdan chiqayotgan oqava suvlar betonli lotok orqali tashlanadi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, ommaviy axborot vositalaridan vaziyatni atroflicha o`rgangan holda professional jurnalistik surishtiruv o`tkazib xolis baho berishlarini so`rab qolamiz va holatni batafsil o`rganish maqsadida barcha jurnalist va blogerlarni press-turga taklif etamiz.

Shu maqsadda “Navoiyazot” AJning faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari va atrof-muhit muhofazasi borasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish va keng muhokamalarga sabab bo`layotgan mavzu yuzasidan savollarga javob olish uchun jurnalist va blogerlar ishtirokida 2021 yil 29 oktabr kuni korxonaga press-tur tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, press-tur doirasida korxonadagi yangi ishlab chiqarish quvvatlari va mahsulotlarning sifat darajasi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ham ega bo`lasiz.

Press-turda ishtirok etish istagini bildirgan barcha jurnalist va blogerlar 78 140-74-26 yoki 97 136-35-04 telefon raqamlariga qo`ng`iroq qilib, ro`yxatdan o`tishlari mumkin.

Press-tur bilan bog`liq qo`shimcha maʼlumotlar “O`zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida eʼlon qilanadi.

“O`zkimyosanoat” АJ Matbuot xizmati