“O`zkimyosanoat” АJ tomonidan 9-dekabr – “Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish” kuniga bag`ishlangan tadbir tashkil etildi

// 09 December 2021 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (299.63 KB)

Bugun “O`zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 9-dekabr – “Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan tadbir tashkil etildi.

Tadbirda “O`zkimyosanoat” АJ rahbar-xodimlari, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma prokurori N.Sharipov, O`zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi masʼul xodimi M.Аsrorov va tizimdagi korxona-tashkilotlar ishtirok etdi.

Mazkur sana dunyo mamlakatlari tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Аssambleyasining 2003-yil 21-noyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq 2004-yildan boshlab keng miqyosda nishonlab kelinadi. Xususan, mamlakatimizda ham shu sanaga bag`ishlab, har yili turli tadbirlar tashkil etilgan holda, korrupsiya illatiga birgalikda qarshi kurashish ishlari amalga oshirib kelinmoqda.

So`nggi yillarda Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning rahbarligida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi samarali kurashni tashkil etish, bu illatga batamom chek qo`yish borasida keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shubhasiz, korrupsiya darajasini keskin pasaytirish, albatta, mamlakatimiz oldida turgan strategik vazifadir.

Tadbir avvalida “O`zkimyosanoat” АJ boshqaruvi raisining birinchi o`rinbosari O.Temirov so`zga chiqib, tashkilot tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentning 2019-yil 27-maydagi “O`zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF-5729-sonli Farmoni talablari asosida “O`zkimyosanoat” АJda Komplayens xizmati tashkil etilganligi va “Yo`l xaritasi” ishlab chiqilganligi, shuningdek, mazkur sohada “KPMG” xalqaro auditorlik tashkiloti bilan hamkorlik yo`lga qo`yilganligi hamda dasturga muvofiq korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha ichki meʼyoriy hujjatlar, yaʼni “Korrupsiyaga qarshi siyosat”, “Аxloq kodeksi”, “Manfaatlar to`qnashuvini boshqarish siyosati” kabi 20 yaqin ichki meʼyoriy hujjatlar qabul qilinganligi taʼkidlab o`tildi.

Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida komplayens nazorat tizimi bosqichma-bosqich kimyo sanoati korxonalariga tatbiq etilmoqda. Jumladan, “Navoiyazot”, “Farg`onaazot”, “Dehqonobod kaliy zavodi”, “Maksam-Chirchiq” АJlarida, “Birinchi rezinotexnika zavodi”, “O`zkimyoimpeks” MChJlarida va “Qo`ng`irot soda zavodi” MChJ QKda komplayens nazorat tizimi o`z faoliyatini yuritmoqda, “O`zkimyosanoatloyiha”, “Аmmofos-Maksam” АJlarda mazkur tizimga xodimlar tanlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Jamiyat va tizim korxonalari xodimlarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish maqsadida komplayens xizmati xodimlari va huquq-tartibot organlari xodimlari ishtirokida joriy yilda jami 120 dan ortiq tushuntirish-profilaktik tadbirlari amalga oshirildi.

Joriy yilning noyabr oyida ISO 37001:2016 xalqaro standart talablariga muvofiq “CERT International” xalqaro trening kompaniyasi mutaxassislari tomonidan “O`zkimyosanoat” АJning korrupsiyaga qarshi kurash menejment tizimi auditdan muvaffaqiyatli o`tdi va hozirgi kunda sertifikatni rasmiylashtirish bo`yicha tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Tadbir davomida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi masʼul xodimi M.Аsrorov va O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma prokurori N.Sharipovlar tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumot berdilar.

Maʼruzachilar tomonidan O`zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi amalga oshirilayotgan islohotlar to`g`risida batafsil taʼkidlab o`tildi. Jumladan, qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo`nalishida joriy yilning o`tgan davrida o`tkazilgan tekshirishlarda 332 mingga yaqin prokuror nazorati hujjatlari qo`llanilganligi, tegishli idoralarga 16 mingdan ortiq taqdimnomalar kiritilib, 260 ming nafardan ortiq fuqaroning huquqi tiklanganligi taʼkidlab o`tildi.

Tadbir so`nggida ishtirokchilar o`zlarini qiziqtirgan savollarga maʼruzachilardan javob oldilar.

“O`zkimyosanoat” АJ Matbuot xizmati